Jahon | 16:55 / 03.01.2016
6695
2 daqiqa o‘qiladi

Iordaniya 47 kishini qatl etgan Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi

Iordaniya Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasiga uyushtirilgan hujumni keskin qoraladi va 47 kishiga nisbatan oliy jazo ijro etilgan Saudiya Arabistonini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu haqda Iordaniya hukumati rasmiy vakili Muhammad al-Mumaniy ma'lum qilgan.

2 yanvar, shanba kuni Saudiya Arabistoni IIV o‘limga mahkum qilingan 47 kishining qatli ijro etilgani haqida xabar bergan edi.

Shu kuni kechasi bu voqeadan norozi bo‘lgan eronliklar Tehrondagi Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum uyushtirishdi.

Eron hukumati bu hujumda ishtirok etganlarning 40 nafarga yaqinini hibsga olgan.

"Iordaniya birodar Saudiya Arabistoni qirolligining radikalizmga qarshi kurashini qo‘llab-quvvatlaydi va Eron tomonidan bu davlatga o‘tkazilayotgan bosimga e'tiroz bilan qaraydi", deya al-Mumaniyning so‘zlaridan iqtibos keltiradi Petra agentligi.

Uning hisoblashicha, Saudiya Arabistoni elchixonasiga uyushtirilgan hujum xalqaro huquqning qo‘pol ravishda buzilishi va diplomatik missiyalar xavfsizligi bo‘yicha kelishuvga rioya etmaslikdir.

Bundan oldinroq, Bahrayn ham Saudiya Arabistoni to‘g‘ri ish tutgani haqidagi bayonot bilan chiqqandi.

Shayx Nimr an-Nimr Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan 2012 yilda mamlakat sharqida o‘tkazilgan norozilik namoyishi vaqtida qo‘lga olingan edi. 2014 yilda u mamlakatda tarqoqlik, qirolga bo‘ysunmaslik va terrorchilik tashkiloti tuzganlikda ayblanib, o‘lim jazosiga mahkum qilingan edi.

2014 yilning fevral oyida Saudiya Arabistoni terrorchi va ekstremizmga qarshi jinoiy javobgarlik uchun jazo choralarini sezilardi darajada kuchaytirgan edi. Qirollikda terrorchi deb tan olingan tashkilotlar ro‘yxati e'lon qilingan.