Jahon | 17:49 / 04.01.2016
6670
3 daqiqa o‘qiladi

Eronlik siyosatchi: AQSh Saudiya Arabistonini to‘xtatishi shart

Amerika-Eron kengashi rahbari, siyosiy sharhlovchi Xushang Amirahmadiyning fikricha, AQSh ommaviy qatl o‘tkazgan Saudiya Arabistoniga qarshi chora ko‘rishi shart. U bu haqda RT nashriga bergan intervyusida ma'lum qilgan.

2 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Ichki ishlar vazirligi 47 kishining(shu jumladan taniqli shia targ‘ibotchisi Nimr an-Nimrning) qatl etilishi haqida e'lon qilgan edi.

Siyosatchining ta'kidlashicha, shia imomiga nisbatan qattiq adolatsizlik qilingan.

"U (Nimr an-Nimr – tahririyat izohi) qirollikdagi shialar haq-huquqini himoya qilgan, lekin mamlakat tartibini o‘zgartirish uning rejasida yo‘q edi. U terrorchi emasdi va Saudiya Arabistoni hukumatiga an-Nimr tomondan hech qanday tahdid bo‘lmagan. Shu bois, amalga oshirilgan qatlni ma'nisiz deb hisoblayman. AQSh Ar-Riyod xatti-harakatini og‘zaki tanqid qilib qo‘ymay, unga qarshi amalda choralar ko‘rishi lozim”, — ta'kidladi siyosatshunos.

Amirahmadiyning fikricha, Saudiya Arabistoni tarafdorlari oxirgi kunlarda butkul nazoratdan chiqib ketdi. Ular Yaman va Bahraynda shialar yetakchilarini hamda oddiy shialarni o‘ldirmoqda.

"Ularni to‘xtatish lozim. Meni fikrimcha, AQSh hukumati Saudiya Arabistoniga u boshqa bunday davom ettira olmasligini aniq ko‘rsatishi kerak”, — ta'kidladi ekspert.

Amirahmadiyning fikricha, gap Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasidagi kelishmovchilik haqida borayotgani yo‘q. “Bu shia va sunniylar o‘rtasidagi mojaro”, —dedi u.

"Islom dunyosi 1,6 milliard kishidan tashkil topgan, ularning aksariyati sunniylardir. Afsuski, dunyoni larzaga solib kelayotgan terrorchilar ham sunniylardan tashkil topgan", — ta'kidlaydi siyosatshunos.

Amirahmadiyning so‘zlariga qaraganda, hech qaysi hukumat ushbu muammoga e'tiborsiz qarashi mumkin emas."

Ikki mamlakat o‘rtasidagi qarshilikni bartaraf etish lozim, chunki ular salkam urush yoqasida turishibdi", deydi u.