O‘zbekiston | 10:31 / 04.01.2016
5918
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda xo‘jalik sub'yektlarini tugatish tartiblari soddalashtiriladi

Respublikaning bir qator vazirlik va mahkamalari tashkilotlar faoliyatini to‘xtatishning amaldagi tartiblarini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqarishga kirishishdi, deya xabar bermoqda Sputnik agentligi Iqtisodiyot vazirligidagi axborot manbasi ma'lumotlariga asoslangan holda.

Ayni paytda O‘zbekistonda tadbirkorlik va kichik biznes sub'yektlari faoliyatini to‘xtatish jarayoni uzoq davrni talab qilib, bir qator murakkab bosqichlarni o‘z ichiga oladi. “Agarda tashkilot uch oy davomida bank hisobi bo‘yicha faoliyatini yuritmasa yoki olti oy muddatda ishlab chiqarishni amalga oshirmasa, amaldagi qonunchilikka ko‘ra, uning faoliyatini to‘xtatishga kirishiladi.

Biroq bu davlat organlari tomonidan majburiy rejalashtirilmagan tekshiruvlarda ham ko‘rib chiqiladi. Shu yerda turli ko‘rinishdagi qiyinchiliklar paydo bo‘ladi”, - dedi agentlik suhbatdoshi.Bugungi kunda davlat reyestrida besh yildan ziyod vaqt mobaynida o‘z faoliyatini yuritmagan yuridik shaxslar to‘xtatilgan tashkilot sifatida qayd etiladi. Unga ko‘ra, tekshiruvlar jarayoni tugallanmagan bo‘lsa, tegishli davlat organlari ularni reyestrdan chiqara olmaydi.

Bu esa ularni tugatishga ham imkon yo‘qligini anglatadi.
“Bular, birinchidan, tekshiruvlarning o‘zi uzoq muddat davom etishi bilan bog‘liq. Ikkinchidan, ba'zida ular natijasida na rahbar, na tashkilot mulklarini aniqlash mumkin bo‘ladi. Busiz tugatish ishlarini olib borish imkonsiz.

Shuning uchun qonunchilikdagi bu kabi noqisliklarni ko‘rib chiqish va ularni takomillashtirish taklif etilmoqda. Ayni paytda biz asosiy mas'ul tashkilot hisoblangan Davlat soliq qo‘mitasi bilan birgalikda buning ustida hamkorlikda ish olib borayapmiz”, - dedi mutaxassis.

Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, xo‘jalik sub'yektlarini tugatish bo‘yicha yangi tartiblarni ishlab chiqishga mas'ul hisoblangan Davlat soliq qo‘mitasi, Davlat raqobat qo‘mitasi, Moliya va Iqtisodiyot vazirliklari ikki oy muddat ichida tayyor takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishlari belgilangan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish