O‘zbekiston | 08:19 / 04.01.2016
14765
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda lift ishlab chiqarish qaytadan yo‘lga qo‘yildi

Yangi yil arafasida Samarqandda birato‘la ikkita muassasa – «Samarkand Euro Asia Lift» va «Samarkand Euro Asia Textile» aksiyadorlik jamiyatlari ish boshladi.

Samarqand viloyat xo‘jalik sudi qarori bilan Samarqand liftsozlik zavodi bankrot deb e'lon qilinib, uning mol-mulki ochiq auksion savdolarga qo‘yilgan edi. Mazkur savdolarda «Sam Antep Gilam» qo‘shma korxonasi g‘olib deb topilib, korxonaning 9,5 milliard so‘mlik ko‘chmas mulkiga ega chiqdi.

Natijada sobiq lift zavodining 20 gektarlik maydonida ikkita muassasa – «Samarkand Euro Asia Lift» va «Samarkand Euro Asia Textile» ish boshladi. Qisqa vaqt ichida bu yerda oyiga 30 dona lift ishlab chiqarish quvvati qayta tiklandi.

Ayni paytda «Samarkand Euro Asia Lift» AJda 100 kishi mehnat qilmoqda. 2016 yilga mo‘ljallangan istiqbolli loyihalar ham mavjud.«Samarkand Euro Asia Textile» esa paxta tolasini birlamchi qayta ishlab, erkaklar kiyimlari, choyshablar va ip-kalava tayyorlash bo‘yicha umumiy qiymati 23,7 million dollarni tashkil etuvchi loyihalarni amalga oshiradi.

Zavod to‘liq ishga tushganidan so‘ng bu yerda yiliga 25 million dollarlik ikki million dona erkaklar ko‘ylagi, 200 ming choyshablar to‘plami va import o‘rnini bosuvchi boshqa mahsulotlar tayyorlanadi. Ming kishi esa doimiy ish o‘rni bilan ta'minlanadi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish