Jamiyat | 12:55 / 05.01.2016
24474
3 daqiqa o‘qiladi

2015 yilning qo‘shiq reytingi

“Darakchi” nashrining Yangi yil sonida keltirilgan ko‘plab reytinglar bilan o‘quvchilarimizni tanishtirib bormoqdamiz. Quyida qo‘shiqlar va qo‘shiqchilarga bag‘ishlangan navbatdagi reyting natijalarini keltirib o‘tamiz. Unda turli nominatsiyalar bo‘yicha saralangan ijodkorlar va ularning ijod mahsullari o‘rin oldi. Eslatib o‘tamiz, barcha reytinglar Darakchi.uz saytida muxlislar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga asoslandi.

Yilning eng xalqona konsert dasturi” deb Ozodbek Nazarbekovning konserti deb tan olindi. Kuchli uchlikka Alisher Fayzning “Dilga yaqin”, Ulug‘bek Rahmatullayevning “Yoshlik qaytmaydi” nomli konsert dasturlari kiritildi.

Yilning eng zo‘r kliplari” sifatida “Bojalar” guruhi va Shahzoda ijrosidagi “Maqtanchoq” qo‘shig‘iga ishlangan videoklip e'tirof etildi. Undan keyingi natijalar Bahrom Nazarovning “Pari-pari”, Gulsanam Mamazoitovaning “Hushtak” kliplari tomonidan qayd qilindi.

Buning aksi bo‘lmish nominatsiyada (“Yilning eng ma'nisiz kliplari”) birinchilikni Kaniza hech kimga bermadi: uning “Go‘zal” nomli qo‘shig‘i va videoklipi so‘rovnoma ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan eng ma'nisiz ijod mahsuli deb topildi. Keyin o‘rin “sohib”lari: yosh xonanda Zamirning “Sen, sen” hamda Manzuraning “Lazgi” deb nomlangan kompozitsiyalariga ishlangan kliplar.

Videokliplarda chiqqan juftliklar ham baholandi. Nashrga ishonadigan bo‘lsak, Alisher Fayz va Parizoda “Rashk qilasanmi?” qo‘shig‘ining klipidagi ijrolari uchun “Klipda yilning eng munosib juftligi” deb topilgan bo‘lsa, Sardor Mamadaliyev va Anastasiyalarning “Ko‘nglimda bir yor” klipida ijro etgan rollari muxlislarga ma'qul tushmadi va ular “Klipda yilning eng nomunosib juftligi” deb hisoblandi.

Yilning eng yaxshi qo‘shig‘i”: 1. Ozodbek Nazarbekov, “Aytib ber”; 2. Alisher Fayz, “Rashk qilasanmi?”; 3. Jasur Umirov, “Vay-vay”.

Yilning eng mantiqsiz qo‘shig‘i”: 1. Munisa Rizayeva, “Sakramento”; 2. Ziyoda, “O‘yna”; 3. Nilufar, “Xurram”.

Yilning eng ko‘p tanbeh olgan xonandasi”: 1. Lola Yo‘ldosheva; 2. Kaniza; 3. Masrur Usmonov.