Jamiyat | 20:59 / 05.01.2016
46502
3 daqiqa o‘qiladi

Abdumo‘min O‘tbosarovning hamkasblari uning o‘limi tafsilotlari bo‘yicha mish-mish tarqatganlarni keskin tanqid qildi

O‘zbekiston xalq artisti, oliy toifali suxandon Abdumo‘min O‘tbosarov yangi yilning ilk kunida vafot etgandi. Taniqli suxandonning vafotidan so‘ng ayrim elektron ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlarda turli-tuman mish-mishlar keng tarqaldi.

Ayrim gap-so‘zlarga ko‘ra, Abdumo‘min O‘tbosarov go‘yoki MTRK raisidan gap eshitganidan so‘ng tobi qochib, shifoxonaga yetkazilgan. Kun.uz muxbiri Abdumo‘min O‘tbosarov xotirasiga bag‘ishlab uning bir qancha hamkasblaridan intervyu olar ekan, mazkur masalaga oydinlik kiritishni so‘radi.

- Bularning barchasi mish-mish, sizga ishonch bilan aytishim mumkinki, O‘zbekiston televideniyesi suxandonlariga, xususan, men ishlagan vaqtimda safdoshlarimga biror lavozimli odam hech qachon baqirmagan, do‘q qilmagan, biror narsaga tazyiq o‘tkazmagan. Aksincha, ularga alohida munosabatda bo‘lib, mehr bilan gapirishar edi. O‘ylamaymanki, Abdumo‘minga ham kimdir nimadir qilganu, shuning natijasida uning yuragi ko‘tara olmagan. Mumkin emas. Tuhmat, qip-qizil bo‘hton. Bunday gap-so‘zlar odamlarning fojiasidan ham o‘ziga "ochko to‘plamoqchi", boshqalar e'tiborini o‘ziga qaratmoqchi bo‘lgan kimsalarning shundan foydalanib qolish yo‘lidagi qilmishlari , - dedi Abdumo‘min O‘tbosarovning qadrdon do‘sti Muslimbek Yo‘ldoshev.

- Juda ko‘p mish-mishlarni eshitayapmiz, san'atkorlar, shou-biznes olami vakillari, umuman, taniqli insonlar haqida yaxshi-yomon gaplarni aytishga qiziqishadi, - deydi taniqli suxandon, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Shuhrat Qayumov. - Ammo men bir narsani aytib o‘tishni istardimki, mish-mishlarning birida go‘yoki qattiqroq gap eshitganidan so‘ng siqilgan, deyilgan. Men faxr-iftixor bilan ayta olamanki, ustozlarimiz, hatto shogirdlarimiz, suxandonlar guruhi televideniyeda shohlardek hayot kechirishgan. Biror rahbar xodim bizga qattiq tanbeh bermagan, birortamiz o‘rnimizdan turib qizarmaganmiz. Ishonchim komilki, Abdumo‘min aka ham hayotlarida gap eshitmagan. O‘z hayotimdan misol qilib keltirishim mumkinki, nafaqat tanbeh, hattoki bizga “sen” deb murojaat qilishmagan. Abdumo‘min aka ham xuddi shunday hurmat ostida edi.

Abdumo‘min O‘tbosarov xotirasiga bag‘ishlangan videointervyu yaqin vaqtlar ichida Kun.uz saytida e'lon qilinadi.