Jahon | 15:08 / 05.01.2016
3434
2 daqiqa o‘qiladi

Malayziya Erondan xorijlik diplomatlarning xavfsizligini ta'minlashni talab qildi

Malayziya Yaqin Sharqdagi voqealar rivojidan xavotirdaligini bildirdi va Eron hukumatidan xorijlik diplomatik vakolatxonalar xodimlarining xavfsizligini ta'minlashni talab qildi. Bu haqda 5 yanvar kuni Malayziya Tashqi ishlar vaziri Anifa Aman ma'lum qilgan.

Kuala-Lumpurdagilar "eronliklar shialar xatibining qatliga qarshi Saudiya Arabistonining elchixonasi oldida namoyish o‘tkazishgani"ni qattiq qoralaydi.

"Biz Eron o‘z hududidagi barcha xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari xavfsizligini 1961 yilda tuzilgan Vena konvensiyasiga rioya qilingan holda ta'minlashi kerak, deb bilamiz. Bundan tashqari, Eron hukumati elchixonaga hujum qilib, uni yoqib yuborganlarni jazolashi kerak", deydi malayziyalik vazir.

U shuningdek, Yaqin Sharqda yuzaga kelgan vaziyatdan tashvishga tushgani haqida bildirib o‘tgan.

Saudiya Arabistoni Tehrondagi namoyishlardan keyin, 4 yanvar kuni Eron bilan diplomatik munosabatlarni to‘xtatgani haqida elon qildi. Shu kuni, Bahrayn va Sudan ham Eron bilan aloqalarini uzdi.

BAA va Kuvayt esa Tehrondan o‘z elchilarini chaqirib olgan.