Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Suriya muxolifati barcha arab davlatlarini Eron bilan munosabatlarni uzishga chaqirdi
Suriya milliy muxolif koalitsiyasi Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan ziddiyat fonida barcha arab mamlakatlaridan Eron bilan aloqalarni uzishni talab qildi. Bu haqda Reyter agentligi xabar tarqatmoqda.
Qayd etilishicha, Suriya muxolifati Saudiya Arabistoni va Eron o‘rtasida yuzaga kelgan nizoda saudiyaliklarning tomonida turadi va boshqa barcha arab mamlakatlarini ham shunga undaydi.
Ma'lumot uchun, Eron Suriya prezidenti Bashar Asadni muxolifatga qarshi kurashidagi asosiy ittifoqchilaridan biri bo‘lib, Saudiya Arabistoni bunga qarshilik bildirib kelmoqda edi.
Bundan oldinroq, AQSh Saudiya Arabistonini Nimr an-Nimrning qatli yomon oqibatlarga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi.
Eslatib o‘tamiz, 2 yanvar kuni Saudiya Arabistoni hukumati tomonidan 47 kishi, shu jumladan, taniqli shia targ‘ibotchisi Nimr an-Nimrning qatl etilganini e'lon qildi.
Shu kuni Tehrondagi ommaviy tartibsizliklar natijasida Saudiya Arabistoni elchixonasi vayron qilindi.
3 yanvar, yakshanba kuni Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik aloqalarni uzganligini bildirdi.
Shundan so‘ng, Bahrayn va Sudan Eron elchilari va diplomatlarini o‘z hududidan chiqarib yuborishga kirishdi, BAA esa Erondan o‘z elchisini chaqirib oldi.