Jahon | 20:09 / 05.01.2016
7830
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda geroin sotayotgan pensiya yoshidagi ayol hibsga olindi

Toshkent shahrining Yashnobod tumanida istiqomat qiluvchi uch ayol geroin moddasini sotish paytida qo‘lga olindi. “Ogoh” gazetasining xabar berishicha, guruhga 66 yoshli ayol Gulhayo G‘oziyeva boshchilik qilgan.

Aytilishicha, G‘oziyeva surxondaryolik Shavkat ismli tanishidan geroin xarid qilib, uni 23 mayda qismlarga bo‘ladi va har bir qismni zarqog‘ozlarga o‘ragan. Tayyorlangan moddaning 1 grammi 45 ming so‘mga sotilgan.

Jumladan, G‘oziyeva tanishi Salimaga 3 gr geroin yetkazgan. So‘ng Yunusobod tumaniga borib, sherigi S. Yangabayevaga 19 zarqog‘ozdagi moddalarni berib ketgan. Yangabayeva pulini sotilganidan so‘ng berish sharti bilan geroinga mijoz qidira boshlagan.
Bundan tashqari, S. Ibrohimova ismli sherigiga G‘oziyeva 4 zarqog‘ozdagi moddani yetkazib bergan.

Ayollardan biri huquq-tartibot idoralari xodimlarining shubhasini uyg‘otib, qo‘lga olingan. So‘roq asnosida butun guruh fosh etilgan.

Bugungi kunda tergov ishlari davom etmoqda.