Jahon | 18:11 / 06.01.2016
4729
2 daqiqa o‘qiladi

BMT XK favqulodda majlis o‘tkazib, KXDRda vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilganini muhokama qiladi

6 yanvar kuni Nyu-York vaqti bilan soat 11:00da BMTning Xavfsizlik kengashi navbatdan tashqari favqulodda majlis o‘tkazadi. Majlisda bugun KXDR tomonidan vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilgani masalasi muhokama qilinadi.

Mazkur uchrashuv tashabbusi AQSh va Yaponiya tomonidan bildirilgan.

Bugun Shimoliy Koreya hukumati mamlakat shimoli-sharqida vodorod bombasini muvaffaqiyatli tarzda sinovdan o‘tkazganini ma'lum qilgandi.

Undan oldinroq, 6 yanvarga o‘tar kechasi qator mamlakatlarning seysmologiya xizmatlari Shimoliy Koreyadagi yadroviy poligonga yaqin hududda 5,1 magnitudali zilzila qayd etilgani, yerosti silkinishlariga texnogen omil (yadroviy sinovlar) sabab bo‘lgani haqida xabar bergandi.

Shundan so‘ng, bir qator mamlakatlar bu harakatni qoralab chiqishdi.

Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe mamlakat Xavfsizlik Kengashining shoshilinch yig‘ilishini o‘tkazish va o‘z qurolli kuchlarining to‘liq harbiy holatga kelishi haqida qaror qabul qilgan.

Biroq Janubiy Koreya razvedkasi KXDRda vodorodli portlash sodir bo‘lganini shubha ostiga oldi. U 6 yanvar, chorshanba kuni yadro sinovi natijasida yuz bergan zilzila magnitudasi yetarlicha kuchli emas deb hisoblaydi.

Yaponiya bosh vaziri Shindzo Abe vodorod bombasi ustidagi tajriba masalasini BMT Xavfsizlik Kengashi doimiy a'zolari bilan muhokama etish lozimligini ta'kidlagan. Shuningdek, Shimoliy Koreyadan Yaponiyaga katta xavf tug‘ilayotganini aytib o‘tgan.

AQSh Shimoliy Koreyaning BMT XK rezolyutsiyasini buzgan bo‘lishi mumkinligini ta'kidlasada, ammo voqea yuzasidan aniq ma'lumotga ega emasligini bildirgan. Qo‘shma Shtatlar Koreya yarim orolida yer qimirlashidan xabardorligini va voqealarni kuzatib borayotganini aytib o‘tgan.

Fransiya va Buyuk Britaniya ham Pxenyanning BMT XK rezolyutsiyasini buzgani va vodorod bombasi tajribasini keskin qoralashini ta'kidladi.