Jamiyat | 15:27 / 06.01.2016
29441
7 daqiqa o‘qiladi

Xonandami yoki fonanda?

Hozirgi keksa avlod vakillari yaxshi bilishadi. O‘tgan asrning 60-70- yillarida xonandalarning uch toifasi bo‘lardi. Birinchi toifaga professonal xonandalar, ikkinchisiga havaskorlar, uchinchisiga “otarchi”lar kirardi.

Televideniye va radioda asosan professional xonandalar qo‘shiq kuylasa, onda-sonda havaskorlarga ham o‘rin berilardi. Professionallar faqat o‘zlarining qo‘shiqlarini kuylashardi. Xatto to‘ylarga borib qolishsa, ming iltimos bo‘lishiga qaramay, boshqa hamkasblarining qo‘shig‘ini kuylashni o‘zlariga or deb bilishardi. Havaskorlar tele-radioga chiqadigan bo‘lsa, albatta qo‘shiq matni va musiqasi muallifini aytishardi. Otarchilar esa kimniki to‘g‘ri kelsa shuning qo‘shig‘ini aytib kun ko‘rardi.

Aynan shu toifadagilar tele-radioga yaqin yo‘lamas, bunga o‘zlarining ham vijdoni yo‘l qo‘ymasdi. Hozir esa vaziyat tamoman aksi. Professionallarimiz ham uyalmay-netmay, ovozi yetadimi yoki yo‘q, o‘zgalarning qo‘shiqlarini kuylamoqda. To‘y-hasham kabi tadbirlarda bu ishni qilishsa xafa bo‘lmasdik. Ammo yuzingda ko‘zing bormi, demay mashhur qo‘shiqlarni o‘zinikidek qilib televideniye va radioda “aylantirishmoqda”. Bu yuzdagi xolga emas, xuddi so‘galga o‘xshab qolmoqda, shuningdek, ko‘pchilik san'atsevarlarning e'tirozlariga ham sabab bo‘lmoqda.

Yana bir e'tiroz. Ayol xonandalarimiz erkak xonandalar tilidan kuylanayotgan qo‘shiqlarni ijro etishgacha borishdi. Shu o‘rinda Tavakkal Qodirovning “Dilbarim” qo‘shig‘ini nazarda tutayapmiz. Kamoliddin Raximovning “Nargiz” qo‘shig‘i xaqida ham shu fikrni aytish mumkin. Shuningdek, ayollarning oyoq tirnog‘idan to soch tolasigacha ta'rif berilgan “Qurbon o‘lam”ni ham ayol xonandalar kuylayotganiga nima deysiz?
Biror narsani qoyil qilmagan jo‘jaxo‘rozlar “san'atimizning yorqin yulduzi” sifatida talqin qilinib, teleekranlar va radio to‘lqinlaridan tushmayapti.

Sanat deganda aslida odam aqlini lol qiladigan asar tushiniladi. Shunday ekan, fonogrammasiz qo‘shiq kuylay olmaydiganlarni “san'atimizning yorqin yulduzi” deyish to‘g‘rimikan? Umuman, ularni yulduz deyish nechog‘lik haqiqatga yaqin? Balki, to‘g‘ridan-to‘g‘ri bu kabi xonandalarni osmon deyish kerakdir. Menga qolsa, “meniki uzbekchani bilmaydi” deya intervyu beradigan, ammo qo‘shiq “kuylaganda” talaffuzni to‘g‘ri qiladigan xonandalarni “fonondalar” degan bo‘lardim.

Axir ularning fonogramma orqali qo‘shiq kuylashi hech kimga sir bo‘lmay qoldi-ku. Qiziqchilarimizdan biri aytgandek, alifboning hamma harflarini kompyuterga aytib chiqib, undan qo‘shiq yaratilayapti. Ko‘zbo‘yamachilik qachondan boshlab san'at deya talqin qilinmoqda?!Bundan bir necha yil avval yosh “fonanda”lardan biri xususiy radiolardan birida chiqish qilar ekan, maqomga to‘xtalib o‘tdi. U maqomni yaxshi ko‘rishini, o‘zi ham goh-gohida maqom kuylab turishini aytdi. Shunda boshlovchi “maqomdan bir parcha kuylab bering” dedi. Kutilmaganda “fononda” “jonon bo‘laman deb bunchalar kuydirasanmi... “ deya xonish qildi.

“Iya, bu qo‘shiq qachondan boshlab maqom sifatida talqin qilinadligan bo‘ldi?” dedi yonimdagi sherigim. Shu o‘rinda nashriyotga asar olib kelgan chukcha haqidagi latifa esga tushadi. “Qaysi asarlarni o‘qigansiz?” deya berilgan savolga u “men o‘quvchi emasman, yozuvchiman” deydi. Bizda ham shunga o‘xshash bo‘layapti. Mumtoz qo‘shiqlarimizni tinglamay, bir yumalab san'atkor bo‘lib qolayotganlar qancha.

To‘ylardagi holat haqida ho‘p va ko‘p yozildi. Ammo shunga qaramay, to‘ylarda “birrovchilar” ko‘payib bormoqda. “Birrovchilar” yaqin o‘tmishda ham yo‘q edi-ku?! Mana shu “yulduzlarning”(“osmonlarning”) kasofati bilan milliy to‘ylarimiz diskotekaga, tungi klublarga aylanib bormoqda. To‘yga yaxshi niyatda tashrif buyurgan yaqin va uzoq qarindoshlar o‘zaro suhbatlashish o‘rniga yosh-yalanglarning jazavaga tushib raqsga tushayotganini ko‘rib ketmoqda.

Yaqinda bir to‘yga bordik. Artistlar (uzr, “fononda”lar) juda ko‘p bo‘ldi. Nomdor ham, nomsizi ham keldi. Akaxonimiz to‘yga eshak minib aytganmi, o‘zini xonanda (uzr “fononda”) degan odam borki, kelaveribdi. Ularni kelganini to‘y egasidan boshqa birov bilib birov bilmadi.

Essiz harajat. Shuning o‘rniga fonogramma orqali o‘sha artistning qo‘shig‘ini qo‘yib ham to‘y o‘tkazsa bo‘lardi-ku. Raqsga tushayotganlarga kimning qo‘shiq kuylayotgani butunlay farqsiz edi. Qo‘pol qilib aytganda, ular mashinani signaliga ham raqsga tushishardi. Shunday ekan, xuddi diskotekadagidek hukmronlikni “di-jyey”larga berib qo‘ysak bo‘lmaydimi?! “Di-jyey”lar o‘zini yulduz deganlarning ham, osmon deganlarning ham, quyosh deganlarning ham qo‘shig‘ini ijro etishi mumkin. To‘g‘ri, hozircha ularni “dejurniy”(“navbatchi”) deb atab turibmiz.

Nima bo‘lganda ham, qo‘shiqchilarimizni tartibga chaqirib turish kerak. Chunki milliy ma'naviyatimiz rivoji aynan san'akorlarga bog‘liq. Avvallari san'akorlar xalq ortidan yurgan bo‘lsa, endi odamlarimiz san'atkorlar ortidan ketayotgandek.
Haydovchi yo‘l qoidasini buzsa jazoga tortiladi. Nima uchun “fonanda”lar qoida buzsa jazoga tortilmaydi?

Shu o‘rinda ayrim qo‘shni mamlakatlarda fonogramma orqali qo‘shiq kuylayotganlar jazoga tortilishni eslatib o‘tamiz. Xalq tomonidan san'atkor sifatida tan olinmaydi. Yevrovideniye tanlovida ikkinchi o‘rin olgan Polina Gagarina bilan bog‘liq voqeani eslatib o‘tamiz. U Toshkentdagi konserti jonli bo‘lishini aytgan, ammo fonogramma orqali konsertini o‘tkazgan edi. Ayni shu holat san'atsevarlarning e'tiroziga sabab bo‘ldi. Norozi bo‘lgan shinavandalarning ayrimlari zalni tashab chiqqan edi.

Sharofiddin To‘laganov