Jahon | 23:48 / 06.01.2016
4681
1 daqiqa o‘qiladi

Iordaniya TIV Eron elchisini Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujumlar sababli chaqirtirdi

Iordaniya tashqi ishlar vaziri Eron elchisini Saudiya Arabistonining Tehrondagi elchixonasi va Mashhaddagi konsulligiga hujumlarni qat'iy qoralashini ma'lum qilish uchun chaqirtirdi, deb xabar bermoqda Iordaniyaning milliy agentligi Petra.

“Saudiya Arabistoni elchixonasi va konsulligiga hujumlar diplomatik munosabatlar haqidagi xalqaro konvensiyaning yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan buzilishi hisoblanadi”, deyilmoqda vazirlikning rasmiy xabarida.

Iordaniya, shuningdek, Saudiya Arabistonining terrorchilik va ekstremizmga qarshi sa'y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini ma'lum qildi.

Ta'kidlanishicha, Eron elchisiga Iordaniyaning bu vaziyat bo‘yicha munosabatini Eron hukumatiga zudlik bilan yetkazish taklif qilindi.

3 yanvarda Eronda namoyishchilar Saudiya Arabistoni elchixonasiga hujum qilishgan. Bunga Saudiya Arabistonida terrorchilikda ayblangan shia imomi Nimr an-Nimr va yana 46 kishining qatl etilishi sabab bo‘lgan.