Jahon | 11:48 / 07.01.2016
9890
2 daqiqa o‘qiladi

Manba: Iroqda IShIDning harbiy vaziri yo‘q qilindi

Anbar viloyatida Iroq Harbiy Havo Kuchlari tomonidan amalga oshirilgan amaliyot natijasida IShID tarkibida “harbiy vazir” rolini bajargan rahbar yo‘q qilindi.

“Iroq Harbiy Havo Kuchlari Hadis shahri yaqinidagi Anbar viloyatida amalga oshirgan aviazarbalar natijasida IShIDning “harbiy vaziri” va u bilan birga bo‘lgan uch nafar terrorchi o‘ldirildi”, deyilgan Iroq harbiy qo‘mondonlik ma'lumotlar byurosining Facebook`dagi sahifasida.

Ma'lumotlar byurosi dekabr oyi oxirida Ar-Ramadida IShIDning "moliya vaziri" qo‘lga olingani haqida xabar qilgan edi.

"Al-Arabiya" telekanali ma'lumotlariga ko‘ra, o‘ldirilgan vazirning ismi Samir Muhammad Matlub al-Mahlaviy yoki qisqacha "Abu Muaz" bo‘lgan. Xabar qilinishicha, u bilan birgalikda Iroq g‘arbidagi eng ko‘zga ko‘ringan terrorchilardan biri Xadvan ar-Raviy ham yo‘q qilingan.

6 yanvar kuni Iroq xavfsizlik kuchlari va ko‘ngillilar aviatsiya yordamida Barvana hamda Xadita shaharlarida hujumga o‘tgan va IShIDning 250 dan ziyod jangarisini yo‘q qilgan. Shuningdek, operatsiya davomida terrorchilarga tegishli 100 dan ortiq transport vositasi, jumladan, portlovchi moddalar bilan to‘ldirilgan avtomobillar safdan chiqarilgan.

Iroq armiyasi Anbar viloyatida mamlakat Harbiy Havo Kuchlari, xalq lashkari jangchilari va AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya aviatsiyasi ko‘magida terrorchilarga qarshi harbiy operatsiyalarni amalga oshirib kelmoqda. Shu kungacha eng qattiq qarshilik ko‘rsatgan Ar-Ramadi shahrining 80 foizini jangarilardan tozalashga muvaffaq bo‘lingan.

Iroq harbiylari IShID moliya vaziri hibsga olinganini ma'lum qilishdi