Jahon | 19:45 / 07.01.2016
6656
3 daqiqa o‘qiladi

NYT: Tahlilchilar KXDRda vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilganiga shubha bilan qaramoqda

The New York Times nashri o‘tkazgan so‘rovnomada qatnashgan mutaxassislarning aksari KXDR tomonidan 6 yanvar kuni vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilganiga shubha bilan qarashgan.

Vodorod bombasini tayyorlash bo‘yicha mutaxassislardan biri Kennet Fordning hisoblashicha, shimoliy koreyaliklar rahbariyatining ma'lumotiga ishonish qiyin. Uning aytishicha, vodorod bombasi portlashi 6 yanvar kuni tongidagidan ko‘ra kuchliroq yer silkinishiga olib kelishi kerak edi.

Boshqa tahlilchilar ham bombaning portlash kuchi juda sekin bo‘lganini taxmin qilishgan.

Janubiy koreyalik mutaxassislar 6 yanvar kuni 6 kilotonnalik vodorod bombasi sinovdan o‘tkazilgani to‘g‘risida ma'lumot olishgani, bu 1945 yilda qo‘llangan bomba kuchidan 3 baravar past bo‘lsada, shu kuni yetarli silkinish qayd etilmaganini dastak qilishgan.

Yana bir qator tahlilchilar shimollik harbiylar bombaga kam miqdorda tritiya yoki deytiriya (og‘ir vodorod) qo‘shish orqali portlash kuchini kamaytirishganini taxmin qilishgan.

Eslatib o‘tamiz, chorshanba kuni Shimoliy Koreya televideniyasida “ertalab o‘tkazilgan vodorod bombasining ilk sinovi muvaffaqiyatli yakunlandi”, deya e'lon qilingan edi. Xalqaro ittifoq, shu jumladan, yetakchi yadroviy davlatlar Pxenyanning xatti-harakatlarini bir ovozdan qoralashdi.

Ushbu xabar e'lon qilinishi bilan Seul Milliy Xavfsizlik kengashining favqulodda yig‘ilishini o‘tkazdi. Bundan sal vaqt oldin OAVlarda Pxungeri poligoni joylashgan tumanda yer osti silkinishlari kuzatilgani haqida xabar qilingan edi. Janubiy Koreya meteo-xizmati esa bu zilzila “texnogen xarakterga” ega deb ta'kidlashgandi. Seysmologlar ma'lumotiga ko‘ra, zilzila magnitudasi 4,2 ballni tashkil qilgan. Boshqa ma'lumotlarda bu ko‘rsatkich 5 balldan oshgani aytilgan.

Shimoliy Koreya yadro qurolini sinovdan o‘tkazish rejasi haqida boshqa davlatlarni oldindan ogohlantirmagandi.

Bu xabarlardan keyin Janubiy Koreya mamlakat Qurolli kuchlari jangovor tayyorgarligini kuchaytirdi.
Lekin shu bilan bir vaqtda, Janubiy Koreya hukumati Shimoliy Koreyada vodorod bombasi sinovi o‘tkazilganiga ishonmasligini yashirib o‘tirmadi.
“Shimoliy Koreya o‘z qo‘shnilarini va unga xavf tug‘dirayotgan boshqa davlatlarni shu yo‘l bilan “qo‘rqitib” qo‘ymoqchi”, — deb yozilgandi ko‘pgina nashrlarda.

“Yaponiya Mudofaa vazirligi harbiy-havo kuchlari tomonidan chorshanba kuni sinov uchun to‘plangan chang zarralarida radioaktiv moddalar aniqlanmadi. Radiatsiya foni oshishi ham belgilanmadi”, deb xabar qildi Yaponiya atom energetikasi bo‘yicha nazorat Qo‘mitasi.

Shimoliy Koreya 2005 yilda o‘zini yadro mamlakati deb e'lon qilgan edi. Respublikada shu vaqtgacha 3 marta (2006 yilda 1 kiloton, 2009 yilda 2 kiloton, 2013 yilda 8 kiloton) yadro qurollarini sinovdan o‘tkazdi.