Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Shavkat Mullajonov Sharjaning «Ash-Sha'b» klubiga o‘tdi
So‘ngi bir yarim mavsum davomida Toshkentning “Lokomotiv” jamoasi safida to‘p surgan Shavkat Mullajonov kecha, 6 yanvar kuni, Sharjaning “Ash-Sha'b” klubi bilan shartnoma imzoladi. 30 yoshli markaziy himoyachi BAA chempionatining ikkinchi qismida endi sharjaliklar tarkibida harakat qiladi. Bu haqda futbolchining agenti San'at Sharipovga asoslangan holda stadion.uz nashri xabar tarqatgan.
Italiyalik mashhur sobiq darvozabon Valter Dzenga bosh murabbiyligidagi “Ash-Sha'b” Mullajonovning hisob bo‘yicha to‘rtinchi xorijiy klubidir. U bungacha Qatarning “Al-Ahli” (2010/2011ning 2-yarmi, 2011/2012), Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” (2012/2013ning 1-yarmi) hamda Xitoyning “Lyaonin Vuvin” (2013) jamoalarida o‘ynagan.
"O‘ylab qarasam, oxirgi bor maydonga 25 sentabr kuni tushgan ekanman. Bu voqeaga uch oydan ortiq vaqt bo‘libdi. Ikkinchi davrada, ma'lum sabablarga ko‘ra, men “Lokomotiv”da o‘yin amaliyotisiz qolib ketdim. Yangi mavsum boshlanishiga ham hali yana ikki oy bor. Orada ushbu katta bo‘shliq paydo bo‘lgani uchun ham men, garchi “Ash-Sha'b” ligada qolish uchun kurashayotgan autsayderlardan bo‘lsa-da, arablar taklifiga rozilik bildirdim. Menga ayni damda o‘yin amaliyoti hamda musobaqalashuv jarayoni judayam zarur edi. E'tibor bersangiz, meni, garchi “temiryo‘lchilar” safida mavsum so‘ngida aksariyat vaqtimni zaxira o‘rindig‘ida o‘tkazgan bo‘lsam-da, milliy terma jamoamizga muntazam ravishda chaqiraverishdi", deydi futbolchining o‘zi.

Uning agenti San'at Sharipov ham ayni sharoitda Mullajonovga rasmiy uchrashuvlar ayni muddaoligini ta'kidladi.
"Shavkat Mullajonov katta tajribaga ega himoyachi. U mudofaaning markazida ham, o‘ng qanotda ham bemalol to‘p sura oladi. O‘zbekiston terma jamoasi ro‘yxatidan hamisha o‘rin oluvchi futbolchilardan. “Ash-Sha'b”ni oldinda kuchlilar safida jon saqlab qolish uchun kechadigan ayovsiz kurash kutib turibdi. Aynan shunday bahslarda Shavkat bu yerda katta sinovdan o‘tadi. Bu holat u uchun qo‘shimcha imkoniyat: agar shu yarim yil mobaynida u o‘zini yaxshi tarafdan ko‘rsata olsa, kelgusi mavsumni himoyachimiz balandroq darajadagi boshqa klubda boshlashi mumkin. Bu esa Mullajonov o‘z-o‘zidan O‘zbekiston milliy terma jamoasi safidagi muqim o‘rnini yaqin orada yana o‘zida ushlab qolishi ehtimoli kattalashadi degani. Niyat qilamizki, nima bo‘lganda ham, bu o‘zgarish terma jamoamiz manfaatiga xizmat qiladi", deydi u.
Ma'lumot uchun, 2013/2014 yillardagi mavsumning ikkinchi yarmida “Ash-Sha'b” sharafini o‘zbekistonlik boshqa bir futbolchi Oybek Qilichev ham himoya qilgandi.