Jahon | 10:57 / 08.01.2016
3954
1 daqiqa o‘qiladi

Bahrayn taxti vorisi Fors ko‘rfazidagi taranglikni yumshatishga chaqirdi

Bahrayn qirolligi taxti vorisi, mamlakat qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari amir Salmon ibn Hamad Al Xalifa AQSh elchisi Vilyam Rubek bilan uchrashuv vaqtida Bahrayn "mintaqadagi tang vaziyatni yumshatish" tarafdori ekanini ta'kidlagan.

"Taxt vorisi mintaqada yuzaga kelgan siyosiy inqiroz holatidan chiqish choralarini ko‘rish va hududda xavfsiz hamda barqaror vaziyatni ta'minlash uchun xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda, davlatlarning suverenitetlari tamoyillarini hisobga olgan holda zarur qarorlar qabul qilish kerak, deb hisoblaydi", deyiladi Al Xalifaning ma'muriyati xabarida.

Shahzoda amerikalik elchi bilan Bahrayn va Eron munosabatlaridagi tushunmovchilikning yechimi to‘g‘risida gaplashishgan. Ular barcha aloqalar yaxshilanishi zarurligini ta'kidlashgan.

Hafta avvalida Bahrayn Saudiya Arabistoni ortidan Eron bilan aloqalarini uzgandi. Bahrayn TIV Eronni Saudiya Arabistoni va Fors ko‘rfazidagi boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashishda ayblagan.