Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Komor orollari Erondagi elchisini chaqirib oldi
Komor orollari ittifoqi respublikasi "Saudiya Arabistoniga sadoqat ramzi" sifatida Erondan elchisini chaqirib oldi va rasmiy Tehron bilan diplomatik munosabatlarni uzdi. Bu haqda respublika Tashqi ishlar vazirligining rasmiy gazetasi "Al-Vatan" nashrida ma'lum qilingan.
Vazirlikning qayd etishicha, Komor orollari Saudiya Arabistoni bilan do‘stona munosabatlarni davom ettirishdan manfaatdor va komorliklar "Saudiya Arabistonining ichki ishlariga tashqaridan ta'sir o‘tkazilishini qoralaydi".
Bu kichik davlat Hind okeanida joylashgan bo‘lib, uning aksar aholisi musulmonlarning sunniy mazhabiga mansub hisoblanadi. Bu davlat Arab davlatlari ligasi vakilidir.
2 yanvar kuni Saudiya Arabistoni shialar xatibi Nimr an-Nimrni qatl qilgach, Tehrondagi saudiyaliklar elchixonasi oldida norozilik namoyishi o‘tkazildi va elchixona binosiga o‘t qo‘yildi.
3 yanvar kuni Saudiya Arabistoni Eron bilan diplomatik munosabatlarni uzgani haqida e'lon qildi. Shundan keyin Bahrayn, Sudan, Jibuti va Somali ham Eron bilan diplomatik munosabatlarni uzgani haqida bildirdi. BAA, Kuvayt, Qatar va Iordaniya esa Tehrondagi elchilarini ortga chaqirib olishgan.
10 yanvar kuni Arab davlatlari ligasi favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Saudiya Arabistoni va Eron munosabatlarini muhokama qilishadi.