Sport | 22:42 / 08.01.2016
10362
2 daqiqa o‘qiladi

WBA Floyd Meyvezerni kamaridan mahrum qildi

Jahon boks Assotsiatsiyasi (WBA) amerikalik yengilmas bokschi Floyd Meyvezerni kamardan mahrum qildi. O‘tgan yilning sentabrida Andre Bertoga qarshi o‘tkazilgan 12 raundlik jangdan keyin yengilmas bokschi sifatida faoliyatini yakunlagan Floyd Meyvezer bundan oldinroq WBC (World Boxing Council - Butunjahon boks uyushmasi) kamaridan mahrum qilingandi.

WBA prezidenti Jilberto Mendosaning ma'lum qilishicha, fevral oyidan boshlab ikki kamar ham bo‘sh hisoblanadi.

"Meyvezer shu yilning yanvari oxirida jahon chempioni maqomini to‘xtatadi. Bu titullar Keyt Truman va Erislendi Lara tomonidan egallanishi kutilmoqda", deydi Jilberto Mendosa.

2015 yilning 3 may kuni AQShning Las-Vegas shahridagi “MGM Grand” arenasida yarim o‘rta vazn toifasi WBC, WBA va WBO yo‘nalishlari chempionlik kamari uchun zamonamizning ikki buyuk jangchisi – Floyd Meyvezer va Menni Pakyao o‘rtasida “Asr jangi” o‘tkazildi. Jang yakunida hakamlar AQSh vakili Meyvezer 118-110, 116-112, 116-112 hisoblarida g‘alaba qilganini ma'lum qilishdi.

12 sentabr oqshomida esa Las-Vegasdagi Grand Garden Arenada 66,68 kg.gacha vazn toifasining Butunjahon bokschilar assotsiatsiyasi (WBA) va Butunjahon bokschilar kengashi (WBC) yo‘nalishlari bo‘yicha jahon chempionligi uchun Andre Bertoga qarshi kechgan bahsda, 12 raund yakunlariga ko‘ra Meyuezer g‘alaba qozondi.
Bu orqali u afsonaviy bokschi Rokki Marchianoning 49 jangdan iborat g‘alabali seriyasini takrorladi.

Shu tariqa, 38 yoshli bokschi faoliyatini "yuqori nota"da yakunladi.