Jahon | 13:15 / 10.01.2016
15583
2 daqiqa o‘qiladi

Afg‘onistonda qashshoq oilalar farzandlarini sotishga majbur bo‘lmoqda

Afg‘onistonning ayrim viloyatlarida nochorlik shu darajaga yetib keldiki, ayrim oilalar qorin to‘ydirish uchun o‘z farzandlarini sotishga majbur bo‘lmoqda. Bolalar savdosi ochiq-oydin, markaziy bozorlarda olib borilmoqda. Pajhwok axborot agentligi asosan o‘zbeklar yashaydigan Maymana shahri bozoridagi mana shunday “savdo” haqida videoreportaj tayyorladi.
Videoda yuzi yopilgan ayol 4 yashar farzandini sotib yuborishi aks etgan. Bola uchun savdolashiladi, 12 ming afg‘oniy narxi belgilanadi, so‘ng u mashinada olib ketiladi. Ta'kidlanishicha, Pashtunkot tumanining Orlot qishlog‘ida istiqomat qiluvchi oila shunday qadamni tashlashga majbur bo‘lgan. Oila boshlig‘i Shermuhammad og‘ir muhtojlikda yashaganlari bois bola boqishga imkoniyatlari yo‘qligini qayd qilib o‘tdi.
Keksa maymanaliklardan biri Iskandar Osif intervyu berarkan, gap faqat oilaning qornini to‘ydirishda emas, balki farzandning kelajagi haqida ham ketayotganini tushuntirdi: sotib oluvchi oilalar bolalarning qornini to‘ydira oladi, o‘z oilalarida esa ular ochdan o‘lishi ham hech gapmas.
Hozirlikda ushbu holatlarni bartaraf qilish uchun muhtoj oilalarga un, guruch, yog‘ singari birlamchi ehtiyojdagi oziq-ovqat mollari yetkazish ustida bosh qotirilmoqda. Lekin barchani ta'minlashning imkoni yo‘qligi bois hozircha Maymani ma'muriyati bozorda bo‘layotgan bola savdosiga ko‘z yummoqda, deb ta'kidlanadi materialda.