Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qashqadaryoda ulfatini o‘ldirib qo‘ygan shaxslar 16 yilga qamalib ketdi
Qashqadaryoda ulfatini o‘ldirib qo‘ygan shaxslar 16 yilga qamalib ketdi. Bu haqda “Huquq” nashri xabar bermoqda.
Aytilishicha, Panji Achilov va Qodir Rahmonov ismli shaxslar 60 yoshdan oshgan Yuriy Yurasov ismli shaxs bilan ulfatchilik qilib kelishgan. Bu uchovlon deyarli har kuni mast ahvolda yurib, mahalla ahliga yaxshi tanish bo‘lib qolgan edi.
Achilov va Rahmonovlar Yurasov orqali Bordjak Djumayev bilan tanishishgan. Ular Djumayevning uyida o‘tirib aroq ichishgan, so‘ng, oradan bir muddat o‘tib, arzimas sabab bilan janjal kelib chiqqan. Rahmonov bo‘shagan shisha bilan uy egasining boshiga zarba bergan, Achilov esa pichoqni uning ko‘kragiga sanchgan.
Sodir etilgan qotillikdan so‘ng ulfatlar birdan xushyor tortgan va jinoyat ishlarini yashirishga harakat qilishgan, lekin militsiya xodimlari bir kun ichidayoq ularni qo‘lga olgan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi Panji Achilov va Qodir Rahmonovga 16 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Jinoyatni yashirishga yordamlashgani uchun Yuriy Yurasovga ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolish bilan 2.5 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlandi.