Jahon | 01:18 / 12.01.2016
10190
3 daqiqa o‘qiladi

Hindistonda o‘g‘ridan tilla zanjirni 48 ta banan yordamida olishdi

Hindistonning Mumbay shahrida o‘g‘rining oshqozonidagi tilla zanjirni unga bananlarni majburlab yedirish orqali chiqarib olishdi. Bu haqda The Hindustan Times xabar bermoqda.

Voqea megapolis chekkasida joylashgan Gxatkopar baliq bozorida sodir bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, 25 yoshli Gopi Gxavar ayoldan tilla zanjirni o‘g‘irlab, qochib ketgan. Xaridor va sotuvchilar uni quvlab tutishgan va do‘pposlay ketishgan. Politsiya patruli ularni to‘xtatib qolgan.

Jabrlangan Gxavar mahalliy kasalxonaga olib kelindi. U rentgen yordamida 25 gramm og‘irlikdagi zanjirni yutib yuborgani aniqlandi.

Shundan so‘ng, Gxavar yotgan palataga bir savat banan olib kelishdi. Jinoyatchini tonggacha bananlar bilan “boqishdi”. Gxavar jami bo‘lib 48ta bananni iste'mol qildi, shundan keyin uni hojatxonaga olib kirishgan va to‘rt nafar politsiyachi guvohligida undan o‘g‘irlangan tilla buyum tashqariga chiqarib olishgan. Jinoyatchini zanjirni antiseptik bilan yuvishga majbur qilishgan.

Mumbay politsiyasi organizmdan predmetlarni chiqarib olish uchun bananlardan foydalanish holati birinchi marta kuzatilmayapti. Biroq bu usul har doim ham istalgan natija bermaydi. 2015 yilning aprelida o‘g‘ri Anil Yadavdan qiymati 60 ming hind rupiysi bo‘lgan tilla zanjirni chiqarib olish uchun u 50ta banan bilan “boqilgan”. Ayyorona reja muvaffaqiyatsiz bo‘ldi, chunki katta kulon Yadav ichagiga tiqilib qoldi. Uch kundan keyingina muammo hal etildi: mana shu muddat davomida Anil maxsus parhezda bo‘ldi.

2015 yilning iyul oyida xuddi shunday operatsiya muvvafaqiyatli tarzda yakunlandi. Bahosi 30 ming rupiy (450 dollarga yaqin) bo‘lgan “mangala sutra” (hind odatlariga ko‘ra kuyov kelinga to‘yda sovg‘a qiladigan taqinchoq)ni yutib yuborgan o‘g‘riga 20ta banan, ich keltiruvchi vosita va bir necha litr sut berilgach, taqinchoq undan chiqarib olingan.