Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Kasaba uyushmalari Vatan himoyachilari kuni arafasida bayram tadbirlari o‘tkazmoqda
Prezidentimizning 2015 yil 9 dekabrdagi “Vatan himoyachilari kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi Farmoyishiga muvofiq mamlakatimizning barcha hududlarida ushbu bayramni keng nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq tashkiliy ishlar amalga oshirilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi tomonidan yurtimizning barcha go‘shalarida Vatan himoyachilari kuni bayramiga bag‘ishlab “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsan, muqaddas Vatan” shiori ostida ma'naviy-ma'rifiy tadbirlar, ijtimoiy aksiyalar tashkil etilmoqda. O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi Matbuot xizmati Kun.uz saytida mazkur tadbirlardan bir qanchasi to‘g‘risida ma'lumotlarni taqdim etdi.
Hizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan 270 nafar harbiy xizmatchi oilasiga manzilli moddiy yordam ko‘rsatildi
Yurtimizning turli hududlarida muvaffaqiyatli o‘tkazilayotgan “Kasaba uyushmalari – harbiylarga” aksiyasi doirasida xizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan 270 nafar harbiy xizmatchi oilasiga manzilli moddiy yordam ko‘rsatish, ular farzandlariga Yangi yil sovg‘alarini hadya etish, harbiy ayollarni rag‘batlantirish, harbiy qismlarda ma'naviy-ma'rifiy uchrashuvlarni yuqori saviyada, bayramona kayfiyatda o‘tkazishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Shunday tadbirlardan biri Toshkent shahar kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan tashkil etildi. Uning doirasida xizmat vazifasini bajarishda halok bo‘lgan bir qator harbiy xizmatchilar oilasidan xabar olinib, vatanparvar, mard o‘g‘lonlarni tarbiyalagan ota-onalariga minnatdorlik bildirildi.
– O‘g‘lim Bahrom ichki ishlar tizimida xizmat qilar edi, – deydi Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi Ulug‘bek Ergashev. – Bolaligidan harbiy bo‘lishni orzu qilar edi. Yurtimizda yoshlar uchun yaratilgan barcha sharoit va imkoniyatlar samarasida, o‘g‘lim o‘z hayot yo‘lini Vatan himoyasi, el-yurt tinchligi bilan uyg‘un ko‘rdi. Men o‘z yurtiga sadoqatli farzandni voyaga yetkazganimdan, o‘g‘limning porloq xotirasi keng jamoatchilik, do‘stlari va yaqinlari, o‘quvchi-yoshlarning hamon yodida ekanidan g‘oyat hayajondaman.
Aktsiya doirasida harbiy xizmatchilarning oilalariga manzilli moddiy yordam, farzandlariga yangi yil bayrami sovg‘alari topshirildi. Bunday tadbirlar yurtimizning barcha hududlarida bo‘lib o‘tmoqda.
Sirdaryolik yoshlar mukofotlangan harbiylar bilan uchrashdi
Sirdaryo viloyati kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi tashabbusi bilan harbiy qismlarda va mehnat jamoalarida o‘tkazildi.
Guliston harbiy okrugiga tegishli harbiy qismda o‘tkazilgan tadbirda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay mamlakatimiz sarhadlarini qo‘riqlayotgan harbiylarimizga nechog‘liq bog‘liqligi, bugun dunyoda ro‘y berayotgan noxush jarayonlarning yurtimizda ro‘y bermasligi uchun davlatimiz va harbiylarimiz tomonidan malga oshirilyotgan sa'y-harakatlar xususida so‘z bordi.
“Milliy armiyamiz – g‘ururimiz, iftixorimiz!» mavzusidagi yana bir tadbir Mirzaobod tumanidagi ijtimoiy-iqtisodiy kasb-hunar kollejida, “Harbiy xizmat – mardlik, jasorat va chiniqish maktabi” nomli tadbir Guliston shahridagi qurilish, uy-joy kommunal xizmat kasb-hunar kollejida bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda ishtirok etgan yoshlar davlat mukofotlariga sazovor bo‘lgan bir guruh harbiy xizmatchilar, xususan, “Jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik a'lochilari” nishoni sohiblari Alisher Abdurasulov, Shohruh Karimov, Shuhrat Qoraqulovlarning, “Jasorat” medali sohibi Odiljon Ismoilov, “Sodiq xizmatlari uchun” medali sohibi Shuhrat Bo‘riyev ishtirokidagi suhbatlarni katta qiziqish bilan tingladilar va ulardan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldilar.
Uchrashuv ishtirokchilari vatanga xizmat – oliy maqsad ekanligi, har bir yigit borki, Vatan deb atalmish muqaddas qo‘rg‘onning tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida xizmatni o‘ziga sharaf deb bilishi zarurligini alohida ta'kidladilar.
10 nafar ilg‘or harbiy ayolga kasaba uyushmalarining sovg‘alari topshirildi
Joriy yilning 9 yanvar kuni Termiz shahar “Istiqlol” restoranida Surxondaryo viloyati kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi Kengashi tomonidan 14 yanvar Vatan himoyachilari kuni bayrami munosabati bilan “Kasaba uyushmalari – xarbiylarga” aksiyasi doirasida tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida 10 nafar ilg‘or harbiy ayolga kasaba uyushmalarining sovg‘alari topshirilib, O‘zbekiston Respublikasining suvereniteti va mustaqilligini himoya qilish yo‘lida xizmat burchini bajarish vaqtida halok bo‘lgan 14 nafar xarbiy xizmatchining oilalariga manzilli yordam ko‘rsatildi.
Samarqanddagi bayram taniqli san'atkorlar chiqishlari bilan yanada qizidi
Samarqand garnizoni ofitserlar uyida ham “Tayanchim va suyanchim, faxru iftixorimsin, muqaddas Vatan” shiori ostida madaniy tadbir o‘tkazildi.
Tadbirda so‘za chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasining “Mudofaa to‘g‘risida”gi, “Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida”gi Qonunlari, umumharbiy nizomlar asosida milliy armiyamizning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratilganligini, qo‘shin turlarining o‘zaro harakatlanishini takomillashtirish, ularni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta'minlash, jangovar va o‘quv-tayyorgarlikning ma'no-mazmuni, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash tizimi tubdan yangilanganligini takidlashdi.
Tadbirda taniqli san'tkorlar tomonidan ozod va obod yurtimiz, uning ishonchli posbonlari madh etilgan qo‘shiqlar ijro etildi.