Jahon | 12:26 / 13.01.2016
3811
2 daqiqa o‘qiladi

Obama: AQSh iqtisodiyotidagi pasayish haqidagi gaplar - quruq safsata

Barak Obama AQSh prezidenti sifatida Kongressga qilgan so‘nggi an'anaviy yillik murojaatida AQSh iqtisodidagi qulash to‘g‘risidagi har qanday gap "shunchaki siyosiy bo‘hton" ekanini aytib o‘tgan. Uning chiqishi CNN telekanalida translyatsiya qilindi.

Amerikaliklar prezidentining qayd etishicha, Qo‘shma Shtatlar Yer yuzidagi eng qudratli davlat hisoblanadi va dunyoda biron xalqaro muammo yuzaga kelsa, birinchi navbatda Rossiya yoki Xitoyga emas, Vashingtonga murojaat qilishadi.

Uning qayd etishicha, AQShning 2015 yildagi harbiy soha uchun xarajatlari 601 milliard dollarni tashkil etdi. Bu birinchi o‘nlikdagi sakkiz davlatning xarajatlarini jamlaganda ham ko‘p. Qurol-yarog‘ eksportida ham amerikaliklar peshqadamlik qilmoqda, keyingi o‘rinlarni esa Rossiya va Xitoy egallagan.

Obama dunyodagi hech qaysi davlat armiyasi AQSh armiyasiga qarshi bora olmasligini, bunday yo‘l halokatga eltishini bilishini aytib o‘tgan.

"Har kuni razvedka ma'lumotlari to‘g‘risida brifing o‘tkazadigan odam sifatida aytishim mumkinki, bugungi dunyoda biz yanada katta xavflar tahdidida qolmoqdamiz. Lekin bu AQShning harbiy qudrati kamaygani yoki dunyoda boshqa qudratli kuch paydo bo‘lgani bilan bog‘liq emas. Endilikda biz qandaydir yovuz imperiyalar bilan emas, parchalangan davlatlar muammosi bilan to‘qnashmoqdamiz", deydi Obama.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Yaqin Sharq asriy ziddiyatlar asoratida yashamoqda. Uzoq Sharqda esa Xitoy iqtisodiyotida pasayish kuzatilmoqda.

U Rossiyaning iqtisodiyoti zaiflashishi fonida Ukraina va Suriya Rossiya ta'siridan chiqib ketayotganini qayd etgan.

Uning xulosa qilishicha, Ikkinchi Jahon urushidan so‘ng shakllangan xalqaro xavfsizlik tizimi yangi reallikka moslashishga harakat qilmoqda.