O‘zbekiston | 23:21 / 17.01.2016
4624
3 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Bangladesh bir necha sohalarda hamkorlikni kengaytirmoqchi

O‘zbekiston va Bangladesh 1999 yildan 2004 yilgacha amal qilgan ikki davlat o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaaloqani tiklash bo‘yicha muzokaralarni boshladi. Bu haqda Sputnik Uzbekistan muxbiriga Bangladeshning O‘zbekistondagi elchisi Ma'sud Mannon ma'lum qildi.

Mannonning aytishicha, joriy yilda davlatlar ikki tomonlama aloqalarni jiddiy jadallashtirmoqchi va savdo-iqtisodiy hamkorlikni kuchaytirmoqchi. Bu borada aviaaloqani tiklash bo‘yicha muzokaralarning muvaffaqiyatli yakunlanishi olg‘a intilishga yaxshi asos bo‘ladi.

“Men bu masala yaqin orada hal bo‘lishiga umid qilaman. Bizning davlatlar o‘rtasida parvozlarni tiklash bo‘yicha dastlabki kelishuv bor va bu ijobiy holatdir”, deb aytdi Mannon.

Ikki davlat o‘rtasidagi oliy darajadagi aloqalar xususida gapiriladigan bo‘lsa, joriy yilda O‘zbekistonga Bangladesh savdo vaziri tashrif buyurmoqchi. Shuningdek, davlatlar o‘rtasida tashqi ishlar vazirliklari darajasida maslahatlashuvlarni tashkillashtirish rejalashtirilgan. Bu tadbirlar dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra yilning birinchi yarmida bo‘lib o‘tadi, ikkinchi yarmida esa Toshkentga Bangladesh tashqi ishlar vaziri Islom hamkorligi tashkilotiga a'zo davlatlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun keladi.

Mannonning fikricha, yaqin yillarda investitsion sohadagi hamkorlikda muvaffaqiyatga erishish kutilmoqda. Davlatlar O‘zbekistonda yaqinda o‘z faoliyatini boshlaydigan 10 ta farmatsevtik korxona tashkil etish haqida kelishib oldilar.

Bangladesh o‘zbek paxtasining eng yirik xaridori hisoblanadi, 2015 yilda uning ulushiga jami o‘zbek paxtasining 29 foizi to‘g‘ri kelgan.

Bangladesh elchixonasi O‘zbekistonga choy, farmatsevtik mahsulotlar va jut eksport qilishni kengaytirish bo‘yicha barcha kuchlarni safarbar qilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlikning eng tez rivojlanayotgan tarmog‘i sayyohlik hisoblanib, bugungi kunda davlatlar o‘rtasida bu sohadagi munosabatlarni mustahkamlovchi maxsus hujjat yo‘q, biroq Bangladesh bu borada ish olib bormoqda.

Ikki davlat o‘rtasidagi sayyohlikni rivojlantirishga to‘sqinliq qiluvchi eng katta muammo to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaaloqaning yo‘qligi bo‘lmoqda. Bangladeshliklar O‘zbekistonga sayohat qilishga, ayniqsa diniy sayyohlik doirasida tashrif buyurishga katta qiziqish bildirmoqdalar.

“Ko‘pchilik bangladeshliklar musulmon dunyosida dong‘i ketgan yodgorliklar – Imom al-Buxoriy, at-Termiziy, Naqshbandiy majmualariga tashrif buyurishni istaydilar”, deb aytmoqda Mannon.

Mannonning ta'kidlashicha, ba'zi to‘siqlar yengib o‘tilsa, O‘zbekiston va Bangladesh bir necha sohalar – madaniyat, biznes va sayyohlikda katta ko‘lamda almashinuv tashkil etish imkoniyatga ega.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish