O‘zbekiston | 10:58 / 18.01.2016
12681
5 daqiqa o‘qiladi

Avtobor.uz: Avariyaga uchraganlar nimalar qilishi va nimalardan qochishi kerak?

Ehtiyotsizlik yoki boshqa sabab bilan yo‘l-transport hodisasiga uchragan kishi birinchi navbatda nimalar qilishi, qanday harakatlardan o‘zini tiyishi kerak? Avtobor.uz sayti mazkur masalaga e'tibor qaratgan holda haydovchining baxtsiz hodisa vaqtidagi xatti-harakatlarini birma-bir sanab chiqdi. Zero, YTH vaqtidagi to‘g‘ri harakat keyingi og‘ir oqibatlarning oldini olish, talofat va yo‘qotishlar darajasini kamaytirishga xizmat qiladi.

Demak, yo‘l-transport hodisasiga duch kelib qolsangiz:
-darhol avtomobilni to‘xtatib, avariya chiroqlarini yoqing, o‘zingizni qo‘lga olishga harakat qiling, nazoratni yo‘qotmang, hammasi vaqt o‘tishi bilan iziga tushib ketishini unutmang;
-avariyaviy to‘xtash belgisini joylashtiring. Ushbu belgining har bir avtomobilda bo‘lishi qonunda belgilab qo‘yilgan. Uni aholi punktida 15 metr, shahar-qishloqlardan tashqarida esa 30 metr masofaga joylashtirish talab qilinadi;
- transport vositasini va hodisaga daxldor buyumlarni joyidan qo‘zg‘atmang
-jazavaga tushmang, YTHning boshqa ishtirokchilari bilan mojaroga bormang;
-agarda jabrlanganlar bo‘lsa, ularga birinchi tibbiy yordam berish uchun kerakli choralarni ko‘ring;
- «Tez tibbiy yordam»ni chaqiring, shoshilinch hollarda esa shikastlanganlarni yaqin oradagi davolash muassasasiga yo‘lakay transportda jo‘nating. Buning iloji bo‘lmaganida esa jarohatlangan kishini o‘z transport vositangizda shifoxonaga olib borib, ism-sharifingiz, mashinangiz davlat raqamini ma'lum qiling va hodisa joyiga qaytib keling;
- agar boshqa transport vositalariga halal berayotgan bo‘lsa, avvalo mashina, hodisaga aloqador buyumlar va izlarni qayd eting (surat, videoga olish, imkoni bo‘lganda guvohlar ishtirokida);
- hodisa haqida militsiyaga xabar bering, guvohlarning ism-sharifini va manzilgohini yozib olib, militsiya xodimlarining kelishini kuting;
-agar yo‘l–transport hodisasida shikastlanganlar bo‘lmasa va YTHning boshqa ishtirokchilari bilan kelisha olsangiz, oldindan hodisa chizmasini tuzib, uni imzolab, yaqin oradagi DAN maskani yoki militsiya organiga hodisani rasmiylashtirish uchun borishlaringiz mumkin.

Bunga qo‘shimcha qilib aytish kerakki, yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joyga IIV YHXB xodimlari bilan birgalikda, sug‘urta agentlarini chaqirish ham tavsiya etiladi. Bu sug‘urta badalini olish uchun amalga oshiriladigan jarayonlarni tezlashtirishga imkon beradi.

Qonunga ko‘ra, sug‘urta qildiruvchi (fuqarolik javobgarligi majburiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalangan boshqa shaxs) yoki uning vakili sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda majburiy sug‘urta shartnomasida nazarda tutilgan muddatdan kechiktirmay, sodir bo‘lgan hodisa haqida yozma shaklda, sug‘urta polisining nusxasini ilova qilgan holda sug‘urtalovchiga yoki uning filialiga hamda yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan joydagi va transport vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan joydagi davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatiga bildirishi talab etiladi. Bildirishnomada hodisaning xususiyati, sodir bo‘lgan payti, ko‘rilishi taxmin qilingan zararning miqdori, yo‘l-transport hodisasiga aloqador barcha shaxslarning, shu jumladan, taxmin qilingan da'vogarlarning nomlari va manzillariga oid axborot imkon qadar to‘liq hajmda, shuningdek sug‘urta qildiruvchi hodisa haqida ilk marotaba qay tarzda xabardor bo‘lganligi va sug‘urta qildiruvchining nega hodisani talabnoma bildirishga sabab bo‘lishi mumkin deb hisoblashiga oid tafsilotlar majburiy tartibda ko‘rsatilishi kerak.

Jabrlanuvchi yoki aybdor tomon bo‘lishingizdan qat'i nazar, YTH bo‘yicha rasmiylashtirilishi talab qilinadigan barcha hujjatlarda kerakli ma'lumotlarning to‘liq kiritilishiga e'tibor qaratib, barcha qonun-qoidalarga rioya qiling. Zero, hodisa joyida qochib ketish, yashirinish, aybni boshqalarga yuklash yoki boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan o‘zingizni tiyishingiz faqatgina manfaatingizga xizmat qiladi.

Haydovchi, yo‘lovchi yoki piyoda sifatida yo‘lda harakatlanar ekansiz, sizning xavfsizligingiz uchun ishlab chiqilgan tartib-qoidalarga qat'iy rioya qiling. Avtobor.uz sayti sizga hamisha yo‘lingiz bexatar bo‘lishini tilaydi.