Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
O‘zbekistonlik charm va poyabzal mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari o‘z mahsulotlarini Moskvada namoyish qiladilar
“O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi o‘zbekistonlik poyabzal va charm mahsulotlari ishlab chiqaruvchi korxonalarning sara mahsulotlarini Moskvada bo‘lib o‘tadigan MOSShUZ-2016 ko‘rgazmasida namoyish qiladi. Ko‘rgazma 19-22 yanvar kunlari Rossiyaning eng zamonaviy ko‘rgazma maydonchasi hisoblanuvchi “Krokus Ekspo” xalqaro ko‘ragzma markazida bo‘lib o‘tadi.
Ko‘rgazma doirasida soha mutaxassislari uchun dolzarb masalalar bo‘yicha anjuman, seminarlar hamda kolleksiyalar namoyishlarini o‘z ichiga oluvchi katta ko‘lamdagi dastur bo‘lib o‘tadi.
Ayni paytda “O‘zbekcharmpoyabzali” uyushmasi ushbu sohada faoliyat yurituvchi 252 ta korxonani birlashtiradi. Uyushmaning asosiy vazifasi teri xom ashyosini tayyorlash va qayta ishlash, raqobatbardosh charm mahsulotlari va poyabzal ishlab chiqarish faoliyatini muvofiqlashtirish hamda yagona texnik va investitsion siyosatni yuritish, xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilish, soha korxonalarini modernizatsiya qilish va texnik qayta jihozlashdan iborat.
O‘zbekistonda 2005-2015 yillar davomida charm, poyabzal va charm attorlik mahsulotlarini ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va kengaytirishga qaratilgan investitsion dastur amalga oshirildi. Natijada 10 yil ichida O‘zbekiston charm-poyabzal korxonalarining eksporti hajmi 12 martaga oshdi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu sohada 300 dan ko‘proq korxona faoliyat yuritadi. Ulardan 73 tasi teri xom ashyosini tayyorlash, 45 tasi terini qayta ishlash, 130 tasi poyabzal ishlab chiqarish, 50 tasi charm attorlik va 5 tasi sun'iy charm ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Ayni paytda ushbu sohada 26 mingdan ko‘proq malakali xodimlar faoliyat yuritadi.
MOSShUZ ko‘rgazmasi Sharqiy Yevropadagi eng yirik poyabzal ko‘rgazmasi hisoblanib, bir yilda 4 marta o‘tkaziladi. Birinchi marta 1997 yilda o‘tkazilgan. Ushbu ko‘rgazmada 27 davlatdan, jumladan Italiya, Germaniya, Turkiya, Polsha, Fransiya, Buyuk Britaniya, Ispaniya, Portugaliya, Finlyandiya, Avstriya, Braziliya, Vetnam, Xitoy, Sloveniya va MDH davlatlaridan poyabzal, sumka va aksessuarlar ishlab chiqaruvchi 500 dan ko‘proq yetakchi kompaniya muntazam ravishda ishtirok etib keladi.