O‘zbekiston | 19:00 / 19.01.2016
8170
3 daqiqa o‘qiladi

1 yanvardan tadbirkorlik sub'yektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibi soddalashdi

2016 yilning 1 yanvar kunidan boshlab, tadbirkorlik sub'yektlarini elektr tarmoqlariga ulash tartibi soddalashib, ilgaridek bir qator tartib-taomillardan o‘tish o‘rniga, faqat 3 tartib-taomildan o‘tishi kifoya bo‘ldi. BMT Taraqqiyot dasturining Kun.uz saytiga taqdim etgan press-relizida keltirilishicha, mazkur yangi tartib-taomil elektr tarmoqlariga ulanishni yanada osonlashtirib, xalqaro tadbirkorlik reytinglarida O‘zbekistonning o‘rnini yaxshilashga ham yordam beradi.

Jahon bankining “Biznesni yuritish-2016” (Doing Business) reytingidagi “Elektr tarmoqlariga ulanish” ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekiston 189ta mamlakat ichida 112 o‘rinni egallaydi. Jahon bankining hisobiga ko‘ra, ayni paytda elektr tarmoqlariga ulanish uchun tadbirkor 7ta bosqich, xususan loyihalashtirish, ishga tushirish va sozlash hamda mutasaddi idoralarning ruxsatini olish bilan bog‘liq boshqa tartib-taomillardan iborat ekan.

Vazirlar Mahkamasining 2015 yilning 2 oktabr kuni qabul qilingan 280-sonli qaroriga binoan, elektr tarmoqlariga ulanish ishlarining aksariyati elektr quvvati bilan ta'minlovchi tashkilotlar tomonidan amalga oshiriladi. Shuningdek, ushbu tashkilotlarning zimmasiga loyihalashtirish, qurilish-montaj, rejimni sozlash va ixtisoslashtirilgan tashkilotlarni subpudrat asosida jalb etib, boshqa ishlarni amalga oshirish bilan bog‘liq vazifalar ham yuklatilgan.

Endilikda obektni elektr tarmoqlariga ulash uchun tadbirkor tegishli arizasi va qonun tomonidan tasdiqlangan hujjatlarni “yagona darcha” markaziga taqdim etishining o‘zi kifoyadir. “Yagona darcha” markaziga berilgan ariza elektr ta'minoti tashkilotiga yo‘naltiradi. “Yagona darcha” markazida olingan javob asosida tadbirkor obektni elektr tarmog‘iga ulash to‘g‘risidagi shartnomani tuzish imkoniga ega bo‘ladi.

BMTTDning “O‘zbekiston biznes-forumi (3-bosqich)” loyihasi mutaxassislarining dastlabki hisobiga ko‘ra, tartib-taomillar va hujjatlar soni 7dan 3ga qisqargani natijasida elektr tarmog‘iga ulanish muddati ham 86 kundan 69 kungacha qisqarar ekan.
Mazkur yangi tartib tadbirkorlar gaz ta'minotiga ulanishi uchun ham joriy etilishi nazarda tutilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish