Jamiyat | 19:57 / 19.01.2016
4054
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda quvnoq qullar haqidagi kitob sotuvdan olib tashlandi

AQShda “Jorj Vashingtonning tug‘ilgan kuniga balish” nomli bolalar kitobi sotuvdan chiqarildi. The Independent nashrining ma'lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kitob quvnoq ruhda ekanligi hamda quldorlik tarixini bo‘yab ko‘rsatgani tufayli keskin tanqid ostiga olingan.

Scholastic nashri tomonidan chop etilgan rasmli kitobning bosh qahramoni – qora tanli qul Gerkules qizi Deliya bilan AQShning birinchi prezidenti Jorj Vashingtonning tug‘ilgan kuniga pishiriq tayyorlaydi. Kitob real voqealarga asoslanib yozilgan.
Ayrim tarmoq foydalanuvchilarining fikricha, kitob qahramonlari juda quvnoq va hayotdan mamnun qilib tasvirlangan, bu esa bolalarda quldorlik davri haqida yanglish tasavvur hosil qilishi mumkin.

“Muallif, rassom va muharrirning ishiga hurmat bilan qaragan holda, qullik dahshatlari haqida qo‘shimcha tarixiy ma'lumotlarsiz nashr bolalarda qullarning hayoti haqida yanglish tasavvur uyg‘otishi mumkin, shu bois uni sotuvdan olish lozim”, - deyiladi Scholastic kompaniyasining xabarnomasida.

Kitob muallifi Ramin Ganeshram CBS Diversity platformasidagi blogda tanqidga javob berib, ularni real faktlardan qochib, tarixga bir yoqlama yondashishdan ogohlantirdi.