Jahon | 08:58 / 19.01.2016
2825
2 daqiqa o‘qiladi

Chernogoriya TIV rahbarini BMT bosh kotibligi lavozimiga nomzod sifatida tavsiya qildi

Chernogoriya tashqi ishlar vazirligi rahbari Igor Lukshichni BMT bosh kotibligi lavozimiga nomzod sifatida rasman ilgari surdi, deya xabar bermoqda TASS.

Mamlakat hukumatining xalqaro tashkilotga yo‘llagan maktubida keltirilishicha, Lukshich bosh kotiblik uchun talab qilinadigan barcha zarur ko‘nikma va tajribalarga ega.

2007 yilning avvalida BMT bosh kotibligi lavozimini egallagan Pan Gi Mun 2016 yil 31 dekabrda o‘z mansabini boshqa siyosatchiga bo‘shatib berishi lozim.

Ayni paytda Chernogoriyadan tashqari yana ikki davlat o‘z nomzodini ilgari surgan. Ular Xorvatiya tashqi ishlar vaziri Vesna Pusich va Makedoniya tashqi siyosat mahkamasining sobiq rahbari Srdjan Kerimdir.

BMT bosh kotibligi uchun nomzodlar saylovi dekabr o‘rtalarida boshlanadi. Taxminiy ma'lumotlarga ko‘ra, barcha nomzodlar iyuldan so‘ng ko‘rib chiqiladi. Qayd etilishicha, shu vaqtga qadar Sharqiy Yevropa vakillari va ayollardan hech kim bosh kotib lavozimini egallamagan.