O‘zbekiston | 16:20 / 19.01.2016
5810
3 daqiqa o‘qiladi

Farg‘onada muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun test sinovlari o‘tkazildi

Farg‘ona politexnika institutida Sharqiy harbiy okrug hududida joylashgan harbiy qism va muassasalarda muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar uchun test sinovlari o‘tkazildi. O‘zA xabariga ko‘ra, jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom hamda test sinovlari natijalari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plagan muddatli harbiy xizmatchilar mamlakatimiz oliy ta'lim muassasalariga imtiyozli asosda o‘qishga kirish imkonini beradigan harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomalarini olishga muvaffaq bo‘ladi.

– Armiya ma'naviy va jismoniy jihatdan yuksalishimda muhim ahamiyat kasb etmoqda, – deydi oddiy askar Mirzaahmad Abdukarimov. – Shu kunga qadar harbiy sohaga oid zarur bilimlarni puxta egallashga intildim. Ayniqsa, jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida ko‘p narsa o‘rgandim. Biz, askarlar davlatimiz rahbarining e'tibori va g‘amxo‘rligini doimo his qilib turamiz. Harbiy xizmatni o‘tash bilan birga, o‘z bilimimizni har tomonlama oshirish uchun barcha sharoit yaratilgan. Bundan unumli foydalanib, xizmatdan so‘ng O‘zbekiston Milliy universitetiga hujjat topshirmoqchiman.

Test sinovlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi mutaxassislari tomonidan tekshirilib chiqilgach, harbiy qism qo‘mondonligiga yuboriladi va aynan shu ma'lumotlar muddatli harbiy xizmatchilarni rezervga bo‘shatish jarayonida tavsiyanomalar topshirilishida muhim o‘rin tutadi.

Prezidentimizning 2012 yil 31 maydagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab bo‘lgan fuqarolarga imtiyozlar tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada yoshlar uchun yanada keng imkoniyatlar yaratmoqda. Qarorda tegishli tavsiyanomaga ega bo‘lgan fuqarolar barcha yo‘nalish va mutaxassisliklar bo‘yicha mamlakatimizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda to‘plash mumkin bo‘lgan eng yuqori ballning 27 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga ega bo‘lishi belgilab qo‘yilgan. Nomzodlar bunday tavsiyanomani olish uchun jangovar va ma'naviy-ma'rifiy tayyorgarlik, harbiy intizom va test sinovlari natijalari bo‘yicha eng ko‘p ball to‘plashi zarur.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish