Jamiyat | 16:42 / 22.01.2016
3676
2 daqiqa o‘qiladi

Rusfond: Janna Friskening davolanishi uchun to‘plangan pullar talon-toroj qilingan

“Rusfond” xayriya jamg‘armasi tergov qo‘mitasiga ariza kiritib, 2014 yili marhum xonanda Janna Friskeni davolash uchun to‘plangan 21 mln rubl miqdoridagi pulning talon-toroj qilinishi yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atishni so‘radi. Bu haqda “Kommersant'” gazetasi xabar bermoqda.

Rusfond yuridik xizmatining bayonotiga ko‘ra, artistning vafotidan yarim yil o‘tib, Jannaning hisobidagi pullar yo‘q bo‘lib qolgani borasida aniq ma'lumot topildi. Bu mablag‘ boshqa shaxslarning hisobiga o‘tkazilgan bo‘lishi mumkin.

“Qonunga muvofiq, Jannaning vafotidan so‘ng 16 dekabrdan boshlab merosxo‘rlik huquqiga ega bo‘lgan merosxo‘rlarga Rusfond 20 890 831 rubl nimaga sarflangani haqida hisobot so‘rab murojaat qilgan edi, ammo hech qanday javob kelmadi. Janna Friskening vasiyatnomasini rasmiylashtirilgan notarius orqali qilingan murojaat ham javobsiz qoldi. Shu tariqa, bahsni sudoldi bosqichda hal qilish imkoni bo‘lmadi”, - deyiladi xabarnomada.

2014 yil yanvarida Janna Friskening saraton xastaligiga chalingani ma'lum bo‘ldi. Shundan so‘ng Birinchi kanal xonandani davolash uchun mablag‘ to‘plash kampaniyasini tashkil qildi, unda Rusfond ham ishtirok etdi.

Rusfond maxsus hisobga 25 mln rubldan ortiq mablag‘ o‘tkazgan edi. Kelishuvga binoan, pullar nimaga sarflanishi yuzasidan hisobot topshirib borilishi lozim edi. Ammo Friske vafot etdi, pullarning qolgan qismi bo‘yicha esa merosxo‘rlar hisobot topshirishni istamayapti.