Jamiyat | 20:59 / 22.01.2016
4118
2 daqiqa o‘qiladi

Sochilik aviadispetcher davlatga xiyonat qilgani uchun 12 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Rossiyaning Krasnodar o‘lkasi sudi sochilik sobiq aviadispetcher Pyotr Parpulovni davlatga xiyonat qilganlikda aybdor deb topib, uni 12 yilga qattiq tartibdagi koloniyada ozodlikdan mahrum qilishga mahkum qildi.

Parpulovning ishi shunga o‘xshash sud ishlari kabi mahfiylashtirildi. Davlat xiyonati nimadan iborat bo‘lgani aniqlashtirilmagan. Parpulov 2014 yil martidan beri hibsda ushlab turilibdi.

Jurnalist Zoya Svetova ma'lumotlariga ko‘ra, Parpulov 2010 yilda Gruziya fuqarosiga davlat sirini tashkil qiluvchi ma'lumotlarni berganlikda ayblangan. Parpulov sud jarayonida uni internetda, shu jumladan “Krasnaya zvezda” gazetasi saytida chop etilgan ma'lumotni oshkor qilgani uchun sud qilishayotganini aytgan.

Parpulov o‘z aybini tan olishdan bosh tortgan. Hukm chiqarilishidan bir necha kun avval Parpulov tomonidan yozilgan maktubda “Agar mening bo‘ynimga qo‘yilayotganlarning barchasi rost bo‘lsa, unda bu ma'lumotlarni sir tutish mumkin emas, chunki mansabdor shaxslarning jinoyatlari haqidagi ma'lumotlar sir saqlanishi mumkin emas. Meni esa aynan shunday ma'lumotlarni oshkor qilishda ayblashmoqda” deb yozilgan.

Hukmning e'lon qilinishi yopiq tartibda o‘tkazildi. Rossiyada davlat xiyonati haqidagi sud ishlari odatda yopiq tartibda o‘tkaziladi. Ular haqida hukm chiqarilgandan keyingina ma'lum bo‘ladi. Oxirgi oylarda shunday ishlar bo‘yicha bir necha uzoq muddatli ozodlikdan mahrum qilish hukmlari chiqarilgani ma'lum qilingandi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish