O‘zbekiston | 12:34 / 22.01.2016
19288
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent seysmologlari: xususiy sektordagi uylar 7 balli zilzilada vayron bo‘lishi mumkin

Seysmologiya instituti mintaqaviy seysmiklik va seysmik tumanlashtirish laboratoriyasi mudiri, professor Turdiali Ortiqov va yetakchi ilmiy xodim, fizika-matematika fanlari nomzodi Roman Ibrohimovlar Uz24 nashriga bergan intervyusida Markaziy Osiyodagi seysmik faollikka izoh berib, buning O‘zbekistonga qanday tahdid solishi mumkinligi yuzasidan fikr bildirdilar.

“Hindukushda doimiy ravishda yer silkinib turadi, bu juda seysmik faol mintaqa. U yerda qancha silkinish bo‘lmasin, bu bizning mamlakatimiz uchun qiziq emas, negaki O‘zbekistonning hech bir chetida 6 balldan ortiq silkinishni sezmaysiz”, - dedi Ortiqov.

“Biz seysmik faol mintaqada yashaymiz, shu bois yer qimirlashi biz uchun oddiy holat, - so‘zida davom etdi ekspert. – Shahrimiz uchun 8-9 balli yer qimirlashi xavfli bo‘lishi mumkin. Hatto 6 balli yer osti silkinishlari ham juda qo‘rqinchli. Lekin bunday silkinishlar 7-10 yilda bir marotaba bo‘ladi”.

Mutaxassislarning ta'kidlashicha, Toshkentning ayrim hududlari 8 balli, ayrim joylari esa 9 balli seysmik zonaga kiradi. Qurilish ishlari ham shuni inobatga olgan holda olib boriladi.

“Toshkentning seysmik faolligini inobatga olmagan holda birorta obekt qurilishiga ruxsat berilmaydi, - deb ishontirdi Ortiqov. – Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi buni qat'iy nazorat qiladi. Davlat loyihasi asosida qurilgan uylar seysmik chidamli bo‘lib, shahardagi zilzilalarga dosh bera oladi”.

Shu bilan birga, ma'lum bo‘lishicha, xususiy sektordagi ko‘pchilik uylar seysmiklikni e'tiborga olmagan holda qurilgan, shu bois ular 7 balli zilzilada vayron bo‘lishi mumkin.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish