Jamiyat | 19:24 / 22.01.2016
5731
2 daqiqa o‘qiladi

Yunusobodda issiq suv xizmati xodimlarini do‘pposlagan aka-uka qo‘lga olindi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida issiq suv xizmati xodimlarini do‘pposlagan aka-uka qo‘lga olindi, deb xabar beradi “Ogoh” gazetasi.
Aytilishicha, “Toshissiqquvvati”da texnik inspektor lavozimida ishlagan Mehriddin Norqobilov o‘rtog‘i Sobirjonning ukasi Javlonbekni yordamchi sifatida birga olib yurgan.

Bir safar qarzdor xonadonlardan biriga qo‘ng‘iroq qilganida, Shahlo ismli qiz go‘shakni ko‘targan. U hozir qarzdorlik haqida xat olib borib berishini aytib, tepaga ko‘tarilgan. Ammo eshikni Shahloning akalari Yunusbek va Suxrobbeklar ochib, Mehriddinni kaltaklay boshlashgan. Yunusbekning qo‘lida oshpichoq bo‘lgan.

Mehriddin zinadan dumalab tushgan, so‘ng qocha boshlagan. Aka-ukalar esa Javlonbekni garovga olib, Mehriddin kelsagina qo‘yib yuborishlarini telefon orqali aytishgan.

Voqea joyiga Javlonbekning akasi Sobirjon kelgan va ular bir amallab og‘zi-burni qonga to‘lgan bolani zo‘ravonlar qo‘lidan qutqarib olishgan.
Yigitlar dastlab shifokorlarga,so‘ng militsiyaga murojaat qilishgan. Zo‘ravonlar qo‘lga olingan.