Jamiyat | 12:54 / 23.01.2016
7888
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda yangi tibbiyot markazi foydalanishga topshirildi

Buxoro viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 100 o‘rinli davolash majmuasi yangi binoda faoliyat boshladi. Bu haqda UzA xabar bergan.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish jarayonida uning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, tibbiy xizmat ko‘rsatish sifati va samaradorligini yanada oshirishga qaratilayotgan alohida e'tibor yuksak samaralar berayotgani ta'kidlandi.

Viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazidagi yuz-jag‘ xirurgiyasi, kardiorevmatologiya, pulmonologiya, erta yoshdagi bolalar patologiyasi bo‘limlari zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlandi.

"Markazimizda yaratilgan qulayliklar va shifokorlarning poytaxtda hamda xorijdagi nufuzli ixtisoslashgan tibbiyot markazlarida malaka oshirib qaytayotgani tufayli davolashda yuqori samaradorlikka erishilmoqda. Ilgari poytaxtda amalga oshirilgan tug‘ma nuqsonli bolalarni plastik jarrohlik yo‘li bilan davolash, oshqozon-ichak va siydik-tanosil a'zolarini operatsiya qilish endilikda o‘zimizda bajarilayotir", – deydi viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokorining davolash ishlari bo‘yicha o‘rinbosari N.Burhonova.

Investitsiya dasturi doirasida umumiy qiymati 3 milliard 612 million so‘mlik bo‘lgan mazkur obekt “20-trest” mas'uliyati cheklangan jamiyati quruvchilari tomonidan bunyod etildi.

Keyingi yillarda ona va bola salomatligini muhofaza qilish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar samarasida Buxoro viloyatida ham bolalar o‘limi keskin kamaydi. Bunda tuman va shaharlardagi shifoxonalar uchun tashkiliy-uslubiy va amaliy yordam ko‘rsatish vazifasini bajarayotgan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining ham munosib hissasi bor.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi M.Esonov so‘zga chiqqan.