Jahon | 10:28 / 24.01.2016
4637
3 daqiqa o‘qiladi

Angela Merkelni migratsion siyosati uchun sudga berishmoqchi

Germaniya kansleri Angela Merkel hukumati migratsion siyosati tufayli sudga tortilishi mumkin. Spiegel gazetasida yozilishicha, bir guruh yuristlar Germaniya konstitutsion sudidan Merkelning mamlakat chegaralarini qochqinlar uchun ochib qo‘yishi mamlakat konstitutsiyasiga zid ekani haqida qaror qabul qilishni talab qilishmoqda. Ularning yetakchisi Klemens Antvaylerning hisoblashicha, Merkelning harakatlari "o‘z vakolatlari doirasidan chetga chiqish" hisoblanadi.

GFR rahbarining migratsion siyosati keyingi vaqtlarda nemis xalqining keskin noroziliklariga sabab bo‘lmoqda.

"Kyoln voqealari"dan keyin Angela Merkelning konservativ bloki reytingi rekord darajadagi minimumga (32 foiz) tushib ketgan. Shuningdek, Merkel xonim Germaniyadagi siyosatchilar orasidagi shaxsiy reyting bo‘yicha uchinchi o‘ringa tushgan: u Moliya vaziri Volfgang Shoyble va Tashqi ishlar vaziri Frank-Valter Shtaynmayyerdan ortda qolmoqda.

Bundan oldinroq, Financial Times nashrida Germaniya kansleri Angela Merkelning Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikadan kelgan milliondan ziyod qochqinlarga boshpana berish qarori nemis jamiyatida chuqur parchalanishni yuzaga keltirgani haqida yozilgandi.

“Kyoln voqealari” uchun aybning bir qismi shahar politsiyasi boshlig‘iga qo‘yilib, u allaqachon iste'foga chiqarildi. Ammo bu yerda muammoning Merkel hukumati aylanib o‘tmoqchi bo‘layotgan boshqa qirralari ham talaygina”, — deb ta'kidlangandi nashrda.

"Yangi yil kuni kechasida hujum uyushtirganlarning aksariyati Afrika va Yaqin Sharq mamlakatlari fuqarolari bo‘lganligi bois, qochqinlarning nemis jamiyatiga integratsiya qilinishi to‘g‘ri amalga oshirilgani shubha ostiga olinmoqda. Muammo esa kundan-kun jiddiy tus olmoqda, chunki Germaniyadan boshpana izlayotganlar soni kamaygani yo‘q, aksincha, kundan-kun ortib bormoqda.

Ammo nemis hukumati irqi, millati va diniy kelib chiqishidin qat'i nazar, qochqinlar bilan o‘rtada mojaro kelib chiqmasligi uchun sodir etilayotgan jinoyatlar haqida og‘iz ochmasligi mumkin emas. Bu kabi holat Buyuk Britaniyada ham kuzatilgan edi. O‘shanda Britaniya hukumati ikki o‘rtada millatchilik muammolari kelib chiqmasligi uchun pokistonlik jinoiy uyushmalar tomonidan bolalar ustidan amalga oshirilgan zo‘ravonliklar to‘g‘risida og‘iz ochmaslikni afzal ko‘rgandi.

Kyolndagi voqealarda ham xuddi shunday ahvol kuzatilmoqda: nemis politsiyasi va mamlakat OAVi qochqinlarga nisbatan salbiy fikr uyg‘otmaslik uchun bo‘lib o‘tgan voqealar haqida ma'lumotlarni oz-oz miqdorda berib borishdi.

Toki qochqinlarni nemis jamiyatiga integratsiya qilish choralari kuchaytirilmas ekan, qochqinlar orasida jinoyatlar sodir etilishi miqdori kamaymas ekan, Merkel qo‘llayotgan "ochiq eshiklar" siyosatining kelajagi bo‘lmaydi, Germaniya, xuddi mamlakat kansleri aytmoqchi “yana bitta Kyoln voqeasini ko‘tara olmaydi", — deb yozgandi nashr.