Jahon | 23:04 / 24.01.2016
5369
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoydagi Yangi yil bayramlari mavsumida 2,91 mlrd odam tashilishi kutilmoqda

Xitoyda rekord darajadagi yangi yil yo‘lovchi tashishlari mavsumi “Chunyun” boshlandi, deb xabar bermoqda RIA “Novosti” axborot agentligi.

2016 yilda bu mavsum 24 yanvardan 3 martgacha davom etadi. Avvalroq Xitoyning rivojlanish va islohotlar bo‘yicha milliy komissiyasi joriy yilda mamlakatning transport tizimi "Chunyun" vaqtida rekord darajadagi 2,91 mlrd odam tashishini ma'lum qilgandi. Bu 2015 yildagidan 3,6 foiz ko‘proqni tashkil qiladi. 2015 yil "Chunyun" vaqtida 2,8 mlrd odam tashilgan.

Xitoyda yangi yil yo‘lovchi tashishlari mavsumi “Chunyun” deb atalgan bo‘lib, u dunyodagi eng yirik migratsion hodisa hisoblanadi: yuz mililonlab xitoyliklar Yangi yilni o‘z oilasi davrasida kutish uchun uylariga yo‘l oladilar.

Odatda, “Chunyun” Bahor bayrami – oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil hisoblangan “Chuntsze” kirib kelishidan 14 kun avval boshlanadi. 2016 yilda yangi yil kechasi 8 fevralga o‘tar kechasiga to‘g‘ri keldi. Sharq taqvimiga ko‘ra, 2016 yil Olovli maymun yili hisoblanadi. Xitoyda yangi yil bayramlari rasman 7 fevraldan 13 fevralgacha davom etadi.

“Sinxua” agentligining ma'lum qilishicha, hozirdanoq ko‘plab temir yo‘l vokzallarida yangi yil bayramlarida yaqinlari yoniga borishni istayotganlarning katta navbatlarini ko‘rish mumkin.

Xitoy temir yo‘llari “Chunyun” vaqtida poyezdlar qatnovini ham oshirdi.

Xitoyning rivojlanish va islohotlar bo‘yicha milliy komissiyasi tegishli idoralardan xizmat ko‘rsatishni yaxshilash va yo‘lovchi tashishlarning xavfsizligini kafolatlash uchun yomon ob-havo sharoiti holatiga tayyor turishni so‘radi.