Jahon | 16:55 / 25.01.2016
3777
2 daqiqa o‘qiladi

AQShdagi qor bo‘ronlari tufayli halok bo‘lganlar soni 30 nafarga yetdi

AQShning sharqiy qismida yuz bergan, keyingi 100 yil ichida hali kuzatilmagan darajadagi kuchli qor bo‘ronlari tufayli qurbon bo‘lganlar soni 30 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda Associated Press xabar tarqatgan.

Oldinroq AQShning sharqiy qirg‘og‘iga yopirilgan qor bo‘roni tufayli 25 kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi.

Delaver shtatidagi qor ostida qolgan uyini tozalaganidan keyin politsiyachi yurak xurujiga uchrab vafot etgan. Merilend shtatida ham 2 kishi qor bo‘ronlari oqibatida yurak xuruji tufayli jon bergan.

Janubiy Karolinada er-xotin o‘z uylarida is gazidan halok bo‘lgan.

Ma'lum qilinishicha, boshqa hududlarda ham odamlarning o‘limiga asosan yo‘l-transport hodisasi, is gazidan zaharlanish hamda qorni tozalash vaqtida sodir bo‘lgan yurak xuruji sababchi bo‘lgan.

Bundan tashqari, noqulay ob-havo tufayli AQShda 8 mingga yaqin reys bekor qilindi. Nyu-York shtatida esa, qor yog‘ishi sabab bo‘lib, avtomashina qatnovi vaqtinchalik to‘xtatilgan.

11ta shtat, shu jumladan, Nyu-Jyersi, Pensilvaniya, Virginiya, Merilend, Shimoliy Karolina va Jorjiya gubernatorlari tomonidan favqulodda holat joriy etildi. Bu AQSh aholisining 90 millionlik qismiga taalluqli bo‘lmoqda.

Amerikaning United Airlines aviakompaniyasi Vashington hududidagi reyslarini bekor qildi. Kompaniya o‘zining xizmatini 25 yanvar, dushanba kunidan boshlab tiklashini bildirgan.

Vashington, Nyu-York va Nyu-Jyersi shtatlari hukumati aholiga uydan chiqmaslikni tavsiya qilgan.

Bu hududlarda qor balandligi o‘rtacha 70 santimetrga yetgan va 200 mingga yaqin uy elektr ta'minotisiz qolgan.