Jahon | 18:15 / 25.01.2016
4703
1 daqiqa o‘qiladi

Misrda Tutanxamonning soqoli bilan bog‘liq ravishda 8 kishi sudlandi

Qohira muzeyida Tutanxamon haykalining soqol qismini noto‘g‘ri restavratsiya qilgan 8 nafar xodimning ishi sudga oshirildi, deb xabar beradi Associated Press agentligi.

Ular “jinoiy mas'uliyatsizlik”da ayblanmoqda: prokuraturaning fikricha, o‘z harakatlari bilan xodimlar tarixiy yodgorlikka jiddiy zarar keltirgan.

Voqea 2014 yil avgustida bo‘lib o‘tgan edi. Qohira muzeyidagi ta'mirlash ishlari chog‘ida elektriklar vitrina oynasini yechayotib Tutanxamon niqobiga tegib ketganlar, natijada uning soqoli sinib tushgan. Muzey xodimlari bo‘lgan voqeani yashirishga harakat qilib, sinib tushgan detalni epoksidli yelim bilan qayta yopishtirib qo‘yishga uringanlar. Ammo natija qoniqarli bo‘lmaganidan soqol uch marta ketma-ket yopishtirilgan.