O‘zbekiston | 17:36 / 25.01.2016
7350
8 daqiqa o‘qiladi

Qonunning shakli emas, mazmuni muhim

“Adolat” SDP fraksiyasining “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasi yuzasidan pozitsiyasi shunday.

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning bosh maqsadi kuchli, raqobatbardosh milliy iqtisodiyotni yaratish va shuning hisobidan aholi farovonligini muntazam oshirib borishga qaratilgan. Shu bois so‘nggi yillarda xususiy mulk va tadbirkorlikning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga qaratilayotgan e'tibor pirovard natijada barqaror iqtisodiy taraqqiyotning muhim omiliga aylanmoqda.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida buxgalteriya hisobining ahamiyati va boshqaruv qarorlarini qabul qilishdagi roli ham oshib bormoqda. Shu ma'noda 1996 yilda qabul qilingan “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni sohadagi munosabatlarni tartibga solish, biznesdagi samaradorlik va natijalarning haqiqiy ahvolini o‘z vaqtida baholab borishni ta'minlashga xizmat qilib kelayotir.

Biroq, o‘tgan yigirma yil mobaynida milliy iqtisodiyotimizda yuz bergan tarkibiy o‘zgarishlar, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlar turi va soni oshib borayotgani hamda sohaga joriy etilayotgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining jadal rivojlanishi mazkur qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni taqozo etmoqda.

Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasi tomonidan ishlab chiqilib, Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Ta'kidlash lozimki, mazkur qonun loyihasi o‘tgan yillar davomida qonunchilikda bo‘lgan o‘zgartishlar bilan muvofiqlashtirishga qaratilgan alohida moddalarni qayta ko‘rib chiqish, qonundagi “oq dog‘”larni bartaraf etish, yangi va aniqlashtiruvchi normalarni kiritish hamda xalqaro prinsiplar va standartlarga muvofiq buxgalteriya hisobi tizimini yanada rivojlantirish uchun zamonaviy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

Qonun loyihasini ishlab chiqishda buxgalteriya hisobini tashkil etish borasida amaliyotda sinalgan qoidalar, yondashuvlar hamda xorijiy davlatlarning tajribasi hisobga olingan. Taklif etilayotgan me'yorlar va tartiblarning amalga oshirilishi mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichiga mos keladigan buxgalteriya hisobi tizimining yanada takomillashuvini ta'minlaydi.

Mazkur hujjatni ikkinchi o‘qishda ko‘rib chiqish bo‘yicha takliflar tayyorlanayotgan ayni paytda Demokratik kuchlar bloki hamda muxolifat fraksiyalar o‘rtasida o‘zaro tortishuv va munozaralar kelib chiqmoqda.

Xususan, Qonunchilik palatasida ko‘pchilikni tashkil etuvchi Demokratik kuchlar bloki a'zolari o‘zlarining yig‘ilishi va ommaviy axborot vositalari orqali chiqishlarida “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi qonunni yangi tahrirda qabul qilishni taklif etmoqda. Ammo 2015 yilda o‘zini muxolifat deb e'lon qilgan O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasining pozitsiyasi va nuqtai nazari Demokratik kuchlar blokining ushbu qaroriga mutanosib emas. Bizning fikrimizcha, Demokratik kuchlar bloki mazkur masalaga biroz yuzaki yondashmoqda. Ya'ni, bu prinsipial ahamiyatga ega emas, qonun loyihasini yangi tahrirda qabul qilish masalaning texnik jihati xolos.

To‘g‘ri, Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Byudjyet va iqtisodiy islohotlar qo‘mitasi mas'ulligida qonun loyihasiga ishchi guruhi, ekspertlar va olimlar, siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlari vakillari tomonidan qonun loyihasining tuzilishi, unda qo‘llanilgan atamalar, qator normalar va moddalariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar berildi. Biroq, bu hali qonun loyihasini yangi tahrirda qabul qilishga yetarlicha asos bo‘la olmaydi.

Bizning fraksiyamiz qonun loyihasining mazmun-mohiyatiga yanada chuqurroq e'tibor qaratish, uning ishlash mexanizmlarini kuchaytirish, undagi normalarning boshqa qonun hujjatlari bilan nomuvofiqligini bartaraf qilish, havolaki normalarni qisqartirish va to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlashini ta'minlashga e'tibor qaratish zarur, deb hisoblaydi.

Jumladan, fraksiyamiz yig‘ilishida qonun tashabbusiga ega sub'yekt tomonidan taklif etilgan buxgalteriya hisobi obektlari, shuningdek, ichki nazoratni tashkil etish va amalga oshirishga oid yangi normalar diqqat markazimizda bo‘ldi.

Shu o‘rinda Demokratik kuchlar bloki tomonidan kiritilayotgan taklif asosida qonun loyihasiga buxgalteriya hisobi sub'yekti rahbarining huquqlari sirasiga buxgalteriya hisobi yuritishni ixtisoslashtirilgan tashkilot zimmasiga shartnoma shartlari asosida yuklash belgilanmoqda. Albatta, ushbu taklifga qo‘shilgan holda biz “ixtisoslashtirilgan tashkilot” tushunchasiga aniqlik kiritish, uning huquqiy maqomini belgilash zarurligini ilgari surmoqdamiz. Holbuki, agar qonunda ixtisoslashtirilgan tashkilot qanday huquqiy asoslarga tayanib ish yuritadi, ularning faoliyati uchun litsenziya talab etiladimi kabi savollarga aniqlik kiritilmasa, qonunda yana “oq dog‘”lar paydo bo‘lishi, amaliyotda ko‘pgina tushunmovchiliklar kelib chiqishi mumkin.

Qolaversa, qonun loyihasida buxgalteriya hisobi sub'yekti rahbari va buxgalteriya hisobi xizmati rahbarining moliya-xo‘jalik faoliyatidagi yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar uchun javobgarlik masalasini ham uzil-kesil hal qilish lozim, deb hisoblaymiz.

Chunki korxona yoki tashkilot rahbari buxgalteriya hisobi bo‘yicha maxsus bilim va malakaga ega bo‘lmasligi, amalga oshirilayotgan barcha operatsiyalarning ham oqibatlarini to‘g‘ri anglay bilmasligi mumkin. Qolaversa, bu borada buxgalterni mas'uliyatdan soqit qilish ayrim hollarda ijroga kiritilayotgan buxgalterlik hujjatlarini tayyorlashda yuzaki yondashish yoki javobgarlikni to‘g‘ridan-to‘g‘ri his qilmaslikka sabab bo‘lishi mumkin. Shunday ekan, korxona rahbarining buxgalteriya xizmati rahbari bilan bir xilda javobgar bo‘lishi asoslimikan, degan savol tug‘iladi.

Bundan tashqari, qonun loyihasida belgilangan xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning yillik moliyaviy hisobotini e'lon qilish tartibini ham bugungi kun talablari asosida takomillashtirish zarur. Xususan, partiyamiz Saylovoldi dasturida ilgari surilgan oshkoralik, ochiqlik va hisobdorlik tamoyillaridan kelib chiqib, xo‘jalik yurituvchi sub'yektlarning yillik moliyaviy hisobotini ularning rasmiy veb-saytlari hamda matbuot nashrlarida e'lon qilish tartibini ham belgilash maqsadga muvofiq, deb hisoblaymiz.

Fraksiyamiz a'zolari taklif etilayotgan hujjat umumiy jihatdan “Adolat” SDP dasturiy maqsadlariga mos ekanligini e'tirof etib, qonun loyihasini fraksiyamiz tomonidan bildirilgan tavsiyalarni inobatga olgan holda qonunchilik sub'yekti tomonidan kiritilgan tahririni qo‘llab-quvvatlaydi.

Zafar SULTONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi a'zosi

Manba: adolat.uz