Jahon | 08:52 / 25.01.2016
4495
2 daqiqa o‘qiladi

Tayvanda 85 kishi anomal sovuqlar qurboni bo‘ldi

Dam olish kunlari Tayvanga yopirilgan anomal sovuqlar tufayli kamida 85 kishi halok bo‘ldi. Xususan, orolning shimoliy Taoyuan uyezdida 35 kishi, Taybeyda 25 odam sovqotishdan halok bo‘lgan. Bu haqda 25 yanvarda mamlakat o‘t o‘chirish-qutqaruv xizmatlari ma'lum qildi.

Oxirgi o‘n yilliklar ichida kuzatilayotgan kuchli sovuq fronti ta'sirida orolning bir qator tog‘li hududlarda qor yog‘di. Tayvan poytaxti Taybeyda 24 yanvarda bu hududlar uchun 43 yil ichidagi eng sovuq – Tselsiy bo‘yicha +4 gradus havo harorati qayd etildi.

Xitoyning subtropiklar hududida joylashgan Gonkong ham anomal sovuqlar girdobida qoldi. Bu yerda havo harorati +3 gradusgacha tushib ketdi, bu oxirgi 60 yil ichida eng past havo harorati ko‘rsatkichi bo‘ldi.

Bu hududlarda namgarchilik yuqori bo‘lgani uchun haroratning pasayishi Yevropa davlatlariga nisbatan o‘zgacha ta'sir qiladi. Deyarli bir necha daqiqada odam shamollab qolishi mumkin. Hukumat 25 yanvarda barcha boshlang‘ich maktablar va bog‘chalarda mashg‘ulotlarni bekor qildi.

Qutqaruv xizmatiga sovuqqa tayyorlanmagan odamlardan ko‘plab qo‘ng‘iroqlar tushmoqda. 60 dan ortiq kishi shifoxonaga yotqazilgan. Vaziyat yana shunisi bilan murakkablashmoqdaki, shahardagi turar-joy binolari markaziy issiqlik ta'minoti bilan ta'minlanmagan. Ko‘pchilik nochor odamlar esa qimmatbaho isituvchi asboblarni sotib olish va elektr energiya iste'moliga katta miqdorda pul to‘lashga qodir emas.