Jamiyat | 07:45 / 26.01.2016
3127
3 daqiqa o‘qiladi

Amazon onlayn-do‘koni foydalanuvchilarning shaxsiy ma'lumotlarini e'tiborsizlik tufayli oshkor qilishda gumonlanmoqda

Amazon onlayn-do‘koni mijozi Erik Springer o‘zining Medium platformasidagi shaxsiy blogida onlayn-do‘konning qo‘llab-quvvatlash xizmatining ishonuvchanligi sababli firibgarlar uning shaxsiy ma'lumotlarini ko‘p marta bilib olganlarini ma'lum qildi.

Springerning yozishicha, u firibgarlik haqida birinchi marta unga Amazon’dan uning qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan suhbati qanchalik foydali bo‘lganini baholash iltimosi bilan xat kelganda bilib qolgan. Springer qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan bog‘lanmagani sababli, bu xabarni xatolik tufayli olgan deb hisoblagan, biroq qiziquvchanligi ustun kelib, do‘kon bilan bog‘langan.

Unga go‘yoki uning nomidan yuborilgan xabarning nusxasini yuborishgan. Xabar matnidan aniqlanishicha, noma'lum bir odam o‘zini Erik Springer deb tanishtirib, Springer domen nomlarini ro‘yxatdan o‘tkazishda foydalangan qalbaki manzilni aytgan. Bu ma'lumotlar asosida do‘konning qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimi unga Springerning haqiqiy manzili va telefon raqamini taqdim qilgan.

Springerning aytishicha, bo‘lib o‘tgan voqeadan keyin u Amazon’dan uning qayd qilish yozuviga qo‘llab-quvvatlash xizmati xodimlari firibgarlikka urinishlar bo‘lishidan xabardor bo‘lishlari va kirayotgan murojaatlarga e'tiborliroq bo‘lishlari haqidagi eslatmani qo‘shib qo‘yishni so‘ragan. Springerning ta'kidlashicha, ushbu voqeadan keyin uning ma'lumotlari yana ikki marta oshkor qilingan.

Biroq Reddit internet-forumining bir necha foydalanuvchisi Springerning xabarini o‘qishgach, u tomonidan bayon qilingan firibgarlarning muloqot qilishi sxemasini takrorlashga harakat qilishgan, biroq buning uddasidan chiqa olishmagan. Ular qalbaki manzillarni aytishgandan keyin, Amazon’da ular taqdim qilgan ma'lumotlar tizimda mavjud bo‘lgan ma'lumotlardan farq qilishi aytilgan va suhbatni davom ettirishdan bosh tortilgan.

Amazon hozircha bunga hech qanday izoh bermagan.