Texnologiya | 22:02 / 26.01.2016
3102
2 daqiqa o‘qiladi

Kanadalik ixtirochi o‘zi yaratgan ekzoskelet yordamida Mini Cooper‘ni ko‘tardi

25 yanvarda kanadalik ixtirochi Jyeyms Xobson 1,1 tonnalik Mini Cooper avtomobilini ko‘tarish uchun ekzoskeletdan foydalanayotgani aks etgan rolikni chop etdi.

Ma'lumot uchun, ekzoskelet odamning mushaklari kuchini oshirish, yo‘qotilgan funksiyalarni qayta tiklash va tashqi karkas va harakatlantiruvchi elementlar hisobiga harakatlar amplitudasini kengaytirishga mo‘ljallangan qurilmadir.

Videoda kanadalik yaratgan ekzoskelet to‘liq avtonom holda ishlayotganini ko‘rish mumkin: uning orqasida mexanik oyoqlardagi porshenlarni harakatga keltiruvchi batareya va motor joylashgan. Ularning holati Xobson o‘ng qo‘lida ushlab turgan kontrollyor yordamida sozlanadi.

2014 yildayoq Xobson “Elizium: Yerdagi jannat” filmidan ilhomlanib ekzoskeletining ilk versiyasini yaratgandi. O‘sha konstruksiya unga qo‘llarning kuchini ancha ko‘paytirishga imkon berardi, u qurilma yordamida og‘ir yuklarni, misol uchun 77 kg lik shtangani ko‘tara olgan.

Biroq ekzoskeletning tepa qismi qanchalik kuchli bo‘lmasin, Xobson ko‘targan butun yukning og‘irligi uning butun tanasiga to‘g‘ri kelgan. Shuning uchun u o‘zining oyoqlariga kuch va barqarorlik beruvchi ekzoskeletning pastki qismini yaratish bilan shug‘ullandi.

Xobson 2015 yilning Rojdestvosi oldidan o‘zining barcha asosiy ishini tashlab, barcha vaqtini to‘liq ekzoskeletni yaratishga bag‘ishladi.

Kanadalikning fikricha, ekzoskeletlar dunyosidagi inqilob akkumulyatorlar imkoniyatini yaxshilash hisobiga emas, balki mexanik ustunlik hisobiga paydo bo‘ladi.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish