O‘zbekiston | 17:08 / 26.01.2016
5564
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda lazer nurlarini samolyotga yo‘naltirish javobgarlikka tortiladigan harakatga aylanadi

Oliy Majlis quyi palatasi deputatlari jismoniy shaxslarning samolyotlarga lazer nurlari yo‘naltirish bo‘yicha javobgarligini belgilab berish maqsadida Jinoiy Kodeks hamda Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish masalasini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda palataning sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasi vakili Polyante Sveshnikovga tayangan holda Norma.uz sayti xabar bermoqda.

“Milliy qonunchilikda bunday xatti-harakatlar uchun jinoiy yoki ma'muriy javobgarlikni ko‘zda tutuvchi me'yorlar mavjud emas”, - ta'kidladi deputat.

“Qonun loyihasining mohiyati shundaki, jismoniy shaxslarning havo kemasiga lazer ko‘rsatkichini yo‘naltirishi uchun javobgarlik me'yorlarini belgilab berish lozim, negaki bugun mas'ul vazirlik va idoralar huquqbuzarlarni javobgarlikka torta olmaydi”, - qo‘shimcha qildi Sveshnikov.

Uch yil muqaddam mamlakatda parvozlar xavfsizligini ta'minlash maqsadida lazer ko‘rsatkichlarini olib kirishga cheklovlar o‘rnatilgan edi. Hujjat portativ lazer ko‘rsatkichlarini mamlakatga olib kirishni taqiqlagan edi. Shunga qaramay, 2014 yili samolyotlarga 11 marta lazer nurlari yo‘naltirildi (6 marta Toshkentda, 2 martadan Farg‘ona va Samarqandda, 1 marta Buxoroda), 2015 yili bunday holatlar 5 marotaba takrorlandi (3 marta Toshkentda, 1 martadan Samarqand va Buxoroda).

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish