Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Xitoyning Dalian Wanda xoldingi Hindistonda 10 mlrd dollarlik texnopark quradi
Xitoyning Dalian Wanda xoldingi Hindistonning Xaryan shtati hukumati bilan texnopark qurish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. China Daily nashrining elektron nusxasi xabariga ko‘ra, sarmoyaning umumiy qiymati 10 milliard dollarni tashkil etadi.
Nashr ma'lumotiga ko‘ra, obektning maydoni 13 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Uning hududida texnoparkdan tashqari, sayyohlik zonasi va ko‘ngilochar park ham bo‘ladi. Loyihaga ko‘ra, kompleks dasturiy ta'minot, mashinasozlik, avtomobil sanoati, sog‘liqni saqlash va boshqa sohalarda ta'lim dasturlari faoliyati bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar uchun mo‘ljallangan.
Xitoy kompaniyasi boshlang‘ich infratuzilmalarni yaratishda sarmoya, shuningdek, Xitoy va butun dunyodagi rezident kompaniyalar uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oladi. Milliarder Van Tszyanlin boshqaradigan Dalian Wanda xoldingi Xitoydagi eng yirik investitsion kompaniyalardan biri hisoblanadi. Asosan ko‘chmas mulk, turizm, mehmonxonalar, ko‘ngilochar parklar sohasida faoliyat ko‘rsatadi. Biroq so‘nggi vaqtlarda kompaniya biznesni diversifikatsiya qilish sohasida ham faol ish olib bormoqda.