Sport | 09:31 / 27.01.2016
4363
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonlik suzuvchi Ra'noxon Amanova "Rio-2016" o‘yinlari uchun navbatdagi yo‘llanmani qo‘lga kiritdi

Belgiyaning Antverpen shahrida suzish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro turnirda o‘zbekistonlik Ra'noxon Amanova 400 metr masofaga kompleks usulda suzish musobaqasida marra chizig‘iga 4.40.71 soniyada yetib kelib, XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me'yorni bajardi. Bu haqda O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar bergan.

Shu tariqa, Ra'noxon Rio—2016 Olimpiada o‘yinlarida ikki yo‘nalish bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tamiz, Amanova 2015 yilning 2—3 noyabr kunlari Doha shahri (Qatar)da o‘tkazilgan Jahon Gran-Pri turnirida 200 metr masofaga kompleks usulda suzish musobaqalarida muvaffaqiyatli ishtirok etgan va Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan Olimpiada o‘yinlari yo‘llanmasi uchun belgilangan me'yorni bajargan edi.

Hozirga qadar Rio—2016 o‘yinlariga 52 nafar o‘zbekistonlik sportchi yo‘llanma oldi. Shundan 24 nafari paralimpiyachilarga tegishli.

Ma'lumot uchun. O‘zbekiston sportchilari bugungi kunga kelib 2016 yilning 5—21 avgust kunlarida Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiada o‘yinlariga yengil atletika sport turida 8ta, boks, baydarka va kanoeda eshkak eshish hamda og‘ir atletika sport turlarida 5tadan, suzish sport turida 2ta, taekvondo (WTF), erkin va yunon rum kurashi sport turlarida bittadan yo‘llanmalarni qo‘lga kiritgan. O‘zbekistonlik paralimpiyachilar esa yengil atletika sport turida 10ta, dzyudo sport turida 8ta, suzish sport turida 4ta, o‘q otish hamda pauerlifting sport turlarida bittadan yo‘llanmaga ega bo‘lib turibdi.