Jamiyat | 12:39 / 27.01.2016
3724
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida «Kamolot» YoIH BT hisobot-saylovlari bo‘lib o‘tdi

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati boshlang‘ich tashkiloti (YoIH BT) fakultet kengashlarida yillik hisobot-saylovlari bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan bir yil davomidagi «Kamolot» YoIH BT fakultet kengashi faoliyatining sarhisobi va BT fakultet yetakchiligiga saylov o‘tkazildi.

Hisobot va saylovda g‘olib bo‘lgan nomzodlarning dasturlari bilan tanishib chiqish natijasida 2016 yil uchun bir qator vazifalar belgilab olindi. Unga ko‘ra, 2016 yil davomida institutning «Kamolot» YoIH BTi qoshida turli xil bepul klublar ochilishi va tadbirlar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xususan, yapon, koreys, xitoy, ingliz va rus tillarini o‘rgatish klublari; dutor, gitara, fortepiano kabi cholg‘u asboblarini o‘rgatish klublari hamda karving, notiqlik san'ati va «maqola yozuvchi talabalar» klublari o‘z faoliyatini boshlaydi.

Bundan tashqari, fevral-mart oylari uchun tadbirlar jadvali tuzib olindi. Unda belgilanishicha, fevral oyining boshida ikki xafta davomida o‘g‘il bolalar o‘rtasida «TSIOS PREMIER LEAGUE» mini-futbol ligasi, qizlar o‘rtasida voleybol turniri va stol tennisi, badminton, bouling kabi sport turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkaziladi. Fevral oyining oxirgi haftasida «Zakovat» intellektual o‘yinini keng ko‘lamda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Mart oyida esa xalqaro xotin-qizlar bayrami va milliy bayram hisoblanmish Navro‘zi olam munosabati bilan turli xil ko‘ngilochar dasturlar bo‘lib o‘tadi.

Nafosat Zafarova,
TDShI “Kamolot” YoIH BT kengashi a'zosi