Jamiyat | 19:20 / 28.01.2016
18388
6 daqiqa o‘qiladi

Migel Servantes haqidagi 10 ta haqiqat

Ispan adabiyotining eng mashhur vakili bo‘lgan Servantes haqidagi aniq ma'lumotlar u qadar ko‘p emas. Servantes shaxsi xuddi Don Kixot kabi afsona va to‘qimalarga burkangan. Nima bo‘lganda ham, adabiyot olami buyuk adibdan yetuk asari uchun haligacha minnatdor. Bugungi maqola orqali Sizni Servantes hayoti va ijodiga doir 10 ta ma'lumot bilan tanishtiramiz.

1. 1614 yilda “Lamanchlik Don Kixot” asarining 2-qismi nashr etiladi. Servantes uchun bu voqea ko‘ngilsizliklar olib keladi. Chunki asar uning qalamiga mansub emasdi, boshqa yozuvchi mashhurlik va daromad uchun shu ishga qo‘l urgandi. Servantes keyinchalik ham bunday hodisalar ko‘p sodir bo‘lishini payqagan holda 1615 yilda o‘z qalamiga mansub bo‘lgan asarning ikkinchi qismiga quyidagi so‘zlarni yozib qo‘yadi: “Migel Servantes, 1-qism muallifi”;

2. Odamlar orasida Servantes bilan bog‘liq xato bir fikr yuradi: Servantes va Shekspir bir kunda, 1616 yil 23 aprelda hayotdan ko‘z yumgan. Aslida unday emas. Ha, ular rostdan ham mamlakatlarida shu sanada vafot etishgan. Lekin, Shekspirning yurti Angliyada bu paytda eski taqvim bo‘yicha, Servantesning yurti Ispaniyada esa yangi taqvim bo‘yicha hayot kechirishardi. Kelib chiqadiki, ularning vafot etgan kunlari orasida aslida bir necha kun farq bor;

3. Servantesning chap qo‘li bilan bog‘liq bir necha xil qarashlar bor. Masalan, kimlardir Servantes yoshligida o‘g‘irlik bilan shug‘ullangan, oqibatda uni jazolashgan va chap qo‘lini ishlata olmay qolgan deydi. Ammo aniqroq manbalarga quloq tutadigan bo‘lsak, Lepanto yonidagi jangda qo‘li yaralangan. Nima bo‘lgan taqdirda ham, bu yo‘qotish adabiyot shaydolari uchun yoqimli bo‘lgani tayin. Chunki Servantesning ijod bilan shug‘ullanishiga aynan chap qo‘lini ishlata olmay qolganini sabab qilib ko‘rsatishadi;

4. Shekspir aslida yozuvchi bo‘lmagan, kimlarningdir asarlari uning nomidan chop etilgan. Tanish gaplar, to‘g‘rimi? Servantesda ham shunga o‘xshash holat. Adib arab tarixchisi Ahmad Inholiyning bitiklarini tasodifan sotib oladi. Undan esa “Don Kixot” asari voqealarini topadi… Bu hali holvasi. Eng qizig‘i, aslida shunday bo‘lganligini Servantesning o‘zi asarda tan olgan!!! Nima bo‘lgan taqdirda ham, endi dunyo bu yangi ma'lumotni ongiga qabul qilolmasligi aniq. “Don Kixot” muallifi SeRVANTeS! Tamom;

5. Toledo o‘lkasida adib hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ikkita muzey bor. Biri Eskivias shahrida joylashgan. Eskiviasda Servantes istiqomat qilgan. Ikkinchi shahar esa aynan Servantes tufayli dunyoga mashhur va u yerdagi muzey shaharga qilingan e'tiborga yarasha javob bo‘lsa kerak. Shahar nomi - Toboso. Bu nomni Don Kixotning sevgilisi Dulsineya yashaydigan joy sifatida eshitgansiz, albatta;

6. Mardlikni xush ko‘ruvchi, asarlari ham ritsarlik shon-shavkati bilan to‘lib-toshgan Servantes shunday degandi: “O‘q otar qurol - jasur jyentelmenning hayotini qo‘rqoq va pastkash odamning qo‘liga topshirishdir!”;

7. Don Kixotning sevgilisi Dulsineya ham o‘z prototipiga ega. Ana de Moralesni hayotdagi Dulsineya deyishadi. Izohlaymiz. Dulsineya ismini qismlarga bo‘lib ko‘ramiz: “dulce” va “Ana”. Ma'nosi “shirin Ana”. Gap shundaki, Servantes Anaga ismli ayolga xatlar yozib, uni “shirinim” deb erkalagan;

8. G‘arbiy Yevropada Aleksandr ismi juda ham keng tarqalgan va obro‘li ism edi. Ammo Servantesning mashhur asari bunga chek qo‘ydi. Uning oddiy, kambag‘al, biroz telbaroq qahramoni Sancho Pansani yaxshi bilasiz. Aleksandr ismi Ispaniyada Sancho ko‘rinishida bolalarga qo‘yilgan. Asar chop etilgach, Aleksandr ismining mavqeyi keskin pasaygan. Axir kim ham farzandiga kambag‘al va telba dehqonning ismini qo‘yishni xohlaydi?!;

9. Servantesning bu mashhur asari faqat yaxshilikka xizmat qilmagan. Aslida yozuvchilarning o‘ziga bog‘liq bo‘lmagan, insonning ko‘nglini xira qiluvchi jihat bor. “Don Kixot” asari eng nashrbop asar hisoblanib, hozirgacha uni nashr etishga ketuvchi qog‘ozni ishlab chiqarish uchun millionlab daraxtlar kesib yuborilgan. Ko‘pgina joylarda Don Kixot va Sancho Pansaning daraxtni arralayotgan kishilar timsolida gavdalantirilgani bejizga emas;

10. Servantesdan aforizm: U aslida juda ham arzon, lekin uni juda qimmatga baholashadi. Insonlar orasidagi bu tuyg‘uning nomi - xushmuomalalikdir!

O‘tkinchi dunyoda bir-birimizdan xushmuomalalikni ayamaylik, azizlar! Keyingi maqolalar orqali g‘oyibona ko‘rishguncha!! Omon bo‘ling!!!

Internet ma'lumotlari asosida Bahodir Anorov tayyorladi.