O‘zbekiston | 22:51 / 28.01.2016
2258
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston delegatsiyasi YeXHT forumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan o‘tkaziladigan uchrashuvida ishtirok etadi

Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi Baxtiyor Abdusamatov boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi 2016 yilning 24-27 yanvar kunlari Avstriya Respublikasida Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining "Tegishli davlat boshqaruvida hamkorlik orqali barqarorlikni mustahkamlash" mavzusidagi XXIV Iqtisodiy va ekologik forumiga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan birinchi uchrashuvi bo‘lib o‘tmoqda. Bu haqda Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi axborot xizmati xabar bergan.

Tadbirda jami 30dan ortiq, shu jumladan Markaziy Osiyo mamlakatlari vakillari qatnashdi.

Tadbir dasturiga muvofiq, uchrashuv davomida tabiatni muhofaza qilish siyosati va qonunchiligi, ularning iqtisodiyot tarmoqlari rivojiga ta'siri, shuningdek, ekologik toza texnologiyalarni joriy etish, chiqindilarni boshqarish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Tashrif doirasida Avstriya Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, o‘rmon xo‘jaligi, atrof-muhitni muhofaza qilish va suv resurslarini boshqarish Federal vazirligi, shuningdek, mazkur mamlakatning boshqa vazirlik va idoralarida uchrashuv ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv dasturida ekologik turizmni rivojlantirish va O‘zbekistonga ekologik toza ilg‘or texnologiyalarni olib kirish yuzasidan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq masalalarni muhokama qilish rejalashtirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish