O‘zbekiston | 10:26 / 28.01.2016
2909
3 daqiqa o‘qiladi

Uzbekistan Airways 2015 yilda 2,5 mln nafardan ortiq yo‘lovchi tashidi

"O‘zbekiston havo yo‘llari" MAKda (Uzbekistan Airways) 2015 yildagi ishlab chiqarish va moliyaviy faoliyat natijalari sarhisob qilindi.

Natijalarga ko‘ra, o‘tgan yilda milliy aviakompaniyaning xizmatlaridan 2 mln 570 ming yo‘lovchi foydalangan. Bu 2014 yilgi ko‘rsatkichdan 2 foiz kamayishni bildiradi (2014 yildagi ko‘rsatkich 2 mln 625 ming yo‘lovchi).

Shuningdek, 2015 yilda MAK avialaynerlarida 23269 qatnov bajarilgan. Bu 2014 yilgi ko‘rsatkichlardan 542taga kam.

Pochta va pullik bagajni ham qo‘shib hisoblaganda 42 ming tonna yuk tashilgan va bu borada ham pasayish qayd etilgan. 2014 yilda bu ko‘rsatkich o‘sish 43 ming tonnani tashkil qilgandi. O‘z navbatida "Navoiy" iqtisodiy zonasidagi aeroport orqali yuk tashish hajmi ortgan.

Ayni vaqtda "Navoiy" aeroportida Dehli, Mumbay, Frankfurt, Shanxay, Seul, Milan, Xanoy va Saragosu shaharlariga yuk tashuvchi reyslar amalga oshirilmoqda. 2015 yilda bu aeroportdan 692ta reys amalga oshirilgan va 35 ming 989 tonna yuk tashilgan. Bu 2014 yilgi ko‘rsatkichga nisbatan 16 foiz o‘sishni anglatadi.

Bu o‘sish 2014 yil dekabrida 2ta yo‘lovchi tashish samolyotlari (Boeing-767-300ER) yuk tashish samolyotlariga aylantirilishi (Boeing-767-300BCF) evaziga ro‘y berdi.

Prezidentning 2014 yil 12 maydagi «O‘zbekiston havo yo‘llari» milliy aviakompaniyasining ikkita Boeing-767-300ER yo‘lovchi havo kemalarini yuk havo kemasi etib qayta jihozlash bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qarori asosida O‘zbekiston milliy aviaparki zamonaviy ikkita havo kemasi bilan boyidi.

Bu samolyotlar «O‘zbekiston havo yo‘llari» MAK va Boeing kompaniyasi o‘rtasidagi ikkita Boeing-767-300ER yo‘lovchi samolyotini Boeing-767-300BCF yuk havo kemasiga aylantirish bo‘yicha loyihani amalga oshirish doirasida tayyorlandi.

Hozirda bu samolyotlar haftasiga o‘rtacha 13ta reys amalga oshiradi. Ularning bir reys davomida tashiydigan yuk miqdori 53 tonnagacha.